13:14 (22.08.2023)

1393

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining navbatdagi matbuot anjumani boʻlib oʻtdi

 Bugun, 22-avgust kuni Milliy matbuot markazida “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining aholini zarur dori vositalari bilan taʼminlash taʼminlash borasida koʻrayotgan chora-tadbirlari” mavzusida matbuot anjumani tashkil etildi.

Matbuot anjumani avvalida “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi Boshqaruv raisi oʻrinbosari Abdugʻani Kamilov kompaniyaning aholini zarur dori vositalari bilan taʼminlash borasida olib borilayotgan ishlari  haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga maʼlumot berib oʻtdi. 

Kompaniyamiz tizimida 31-iyul holatiga koʻra 1747 ta ijtimoiy dorixona va dorixona shaxobchalari  faoliyat yuritadi. Ushbu dorixonalarning 1143 tasi yoki 65 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Shuningdek, maxsus jihozlangan avtomobillarda 95 ta koʻchma dorixona  tashkil etilgan boʻlib,  bu koʻchma dorixonalar mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan jadval asosida respublikamizning chekka va dorixona mavjud boʻlmagan hududlaridagi aholiga kerakli dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib beradi. 

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va uning hududiy boʻlinmalari turli tizimdagi davolash-profilaktika muassasalarining asosiy taʼminotchisidir. Xususan, 2023-yilning 6 oyi  davomida:

- sogʻliqni saqlash vazirligiga qarashli davolash profilaktika muassasalariga  –83,6 mlrd. soʻmlik,

- boshqa davolash profilaktika muassasalariga –14,0 mlrd. soʻmlik,

- xususiy sektorga – 32,1 mlrd. soʻmlik,

- harbiy davolash muassasalariga – 9,3 mld. soʻmlik,

- QVP va QOPlarga – 39,3 mld. soʻmlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazildi.

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi Davlat buyurtmasi asosida  xorijlik hamkorlar bilan shartnomalar imzolagan holda, 2020-yilda 1 300 000 doza, 2021-yilda 3 668 000 doza, 2022-yilda 2 347 000  doza grippga qarshi vaksinalar olib kelingan boʻlib,  bu vaksinalar Oʻzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yetkazib berildi. 2023-yil davomida 2 100 000 doza vaksina olib kelish rejalashtirilgan. 

 Bundan tashqari, kompaniyamiz tomonidan 2022-yilda  955 145  flakon, 2023-yilning 6 oyida  422 917 flakon insulin kirim  qilingan.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 22-iyuldagi  “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 204-son Qarori bilan ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʻlgan shaxslarning 14 toifasi roʻyxati tasdiqlangan. Ularni dori vositalari va tibbiy buyumlari bilan taʼminlash uchun sarflanadigan xarajatlar davlat tomonidan qoplanishi belgilangan. Ushbu toifaga kiruvchi bemorlarga Kompaniya tizimidagi dorixonalari orqali 2022-yilda 523 915 ta retsept orqali  27,1 mlrd. soʻmlik, joriy yilning 6 oyi davomida 233 083 ta retsept orqali 12,3 mlrd. soʻmlik dori vositasi va tibbiyot buyumlari bepul berildi.

Kompaniyaning 2023-yilning 6 oyi davomida umumiy tovar aylanmasi  371,2 mlrd soʻmni, shundan ulgurji tovar aylanmasi 262,8 mlrd.soʻmni, chakana tovar aylanmasi 108,4 mlrd. soʻmni  tashkil etdi.

Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentyabrdagi 788-son qarorida mahalliy farmatsevtikaga GxP zarur amaliyotlar talablarini joriy etish nazarda tutilgan. GxP dori vositalari sifatini nazorat qilish tizimi – bu dori mahsulotlarining farmatsevtik ishlab chiqishdan pirovard isteʼmolchigacha boʻlgan dori vositalari “Hayotiy sikli”ning barcha bosqichlarini qamrab oladigan butun jahonda tan olingan model. Farmatsevtika mahsulotlarini ulgurji sotish bilan shugʻullanuvchi barcha mahalliy korxonalar-zarur distribyutorlik amaliyotining (GxP) milliy talablariga muvofiq boʻlishi lozim.

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi va tizimdagi “Fargʻona Dori-Darmon”, "Toshkent viloyat Dori-Darmon" hamda "Samarqand Dori-Darmon"  aksiyadorlik jamiyatlari, "Qoraqalpoq Dari-Darmak", “Oʻzbekiston dori taʼminoti"  masʼuliyati cheklangan jamiyatlari “Zarur distribyutorlik amaliyoti (GDP)” sertifikatini oldi.

Bu kompaniyaning davlat xarid tanlovlarida ishtirok etishini, shuningdek, distribyutorlikning barcha bosqichlaridagi faoliyati ishonchli, samarali ekanligini kafolatlaydi.

Kompaniya faoliyati davomida, doimo ish va biznes jarayonlarini avtomatlashtirishga hamda yangi axborot tizimlarini joriy etishga alohida ahamiyat qaratib keladi. Soʻnggi yillarda kompaniyada bir qancha axborot tizimlari joriy etilgan va hozirgi kungacha ish faoliyatida keng foydalanib kelinmoqda.

Bugungi kunda sohada dolzarb boʻlib turgan, Vazirlar Mahkamasining “Majburiy raqamli markirovkalanishi lozim boʻlgan mahsulotlar roʻyxatini kengaytirish boʻyicha tajriba loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 20-maydagi 322-sonli qaroriga muvofiq, dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalashni amalga oshirish belgilab qoʻyilgan.

Ushbu qaror yuzasidan kompaniya tegishliligi boʻyicha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirilishi rejalashtirilgan va bugungi kunda bu boʻyicha qator ishlar olib borildi.

  1. M-Apteka+” ERP tizimini dori vositalarining markirovka loyihasiga integratsiya qilish chora-tadbirlarini koʻrildi.
  2. Dorixona va dorixona shahobchalariga 2D skaner qurilmalari sotib olinib, oʻrnatildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 2-apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʻgʻrisida” 149-sonli Qaroriga asosan kompaniya 2022-yil 11-aprelda 17-1a-sonli farmoyish ishlab chiqdi va imzoladi.

 Farmoyishga muvofiq,

  1. Markirovkalash tizimini joriy qilish boʻyicha ishchi guruh tasdiqlandi.
  2. Kompaniya va uning tarkibidagi jamiyatlar faoliyatida majburiy raqamli markirovkalash tizimiga oʻtish va kerakli qurilmalar sotib olish hamda dorixonalarni ushbu qurilmalar bilan jihozlash belgilab qoʻyildi.
  3. “Asl belgisi” MATdan roʻyxatdan oʻtildi va tegishli shartnoma rasmiylashtirildi.
  4. Raqamli markirovka qoidalari va “Asl belgisi” MATda ishlash tartibi yuzasidan masʼul xodimlar oʻrgatish va oʻqitish ishlari tashkillashtirildi.
  5. Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash mexanizmlari ishlab chiqildi va joriy etildi.
  6. “M-Apteka +” ERP tizimi dori vositalariga tushirilgan DM-kodlarni kuzatish va oʻtishini nazorat qilish boʻyicha qayta dasturlandi.
  7. DM-kodlarini va agregatsion kodlarni buyurtma qilish boʻyicha dasturiy taʼminot oʻrnatildi.

 Matbuot anjumani qizgʻin savol javoblarga boy boʻldi. Jurnalistlar dori vositalarini laboratoriyadan oʻtkazish jarayoni, dori vositalariga letsenziya berish tartibi, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining xaridi, dorixonalarda qanday dori vositalari tayyorlanishi, nazorati, bu kabi dorixonalarni shuningdek, ijtimoiy dorixonalarni rivojlantirish, koʻpaytirish masalalari, va hk. boʻyicha maʼlumotlar olishdi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech