10:30 (03.03.2023)
2472
Oʼzbekistonda dori vositalarining sertifikat va maksimal narxlarini tekshirish platformasi — “Dorigar” ishga tushirildi. Bu haqda “Edulog CRM” ishlab chiqish kompaniyasi maʼlum qildi.
Platforma maʼlumotlar bazasiga 37 mingga yaqin dori vositalari kiritilgan boʼlib, u orqali dorixonalardagi narxlarni davlat tomonidan belgilangan narxlar bilan solishtirish mumkin.
Maksimal chakana narx haqidagi maʼlumotlar bilan birga, platformada dorivor mahsulotning muvofiqlik sertifikati olgan-olmaganligi haqida ham maʼlumotlar mavjud.
Kerakli dori vositasini topish uchun qidiruv tizimiga dori vositasining savdo nomi yoki xalqaro nodavlat nomini kiritish kerak. Shuningdek, maʼlumotlarni oʼzbek va rus tillarida olish mumkin.
Bundan tashqari, ishlab chiqaruvchilar, mualliflik huquqi egalari va boshqalar haqidagi maʼlumotlarni koʼrishlari mumkin boʼladi.
Dori vositalari va tibbiyot buyumlarining ulgurji va chakana savdosi cheklangan savdo ustamalarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Bunda ulgurji uchun — xarid narxining 15%idan, chakana savdo uchun — ulgurji narxning 20%idan koʼp boʼlmagan miqdorda belgilanadi.
Agar dorixonada sotilayotgan dori vositasining belgilangan eng yuqori chakana narxidan oshirib yuborilganligi aniqlangan taqdirda, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga 1159 ishonch telefoni hamda customer.uz sayti orqali murojaat qilish mumkin.
Platformaga havola orqali oʼtish mumkin.
2022-yili aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan taʼminlash boʼyicha prezident qarori qabul qilingandi.
Hujjat bilan, 1-maydan jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan dorilar uchun dorixonalar tomonidan beriladigan xarid chekining fiskal belgisi Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtirilishi belgilangan.