11:50 (11.10.2024)
470
Elektron retsept tibbiy axborot tizimida tegishli yozuvlari mavjud bo‘lgan bemor uchun rasmiylashtiriladi. Elektron retseptda har bir tashxis bo‘yicha uchtagacha dori vositasi ko‘rsatilishi mumkin.
Elektron retseptda:
- birlamchi tibbiy-sanitariya muassasasining nomi;
- elektron retsept raqami va berilgan sana;
- bemorning JSHSHIR, familiyasi, ismi va otasining ismi, tugilgan sanasi;
- XKTga muvofiq qo‘yilgan tashxis;
- dori vositasining XPN bo‘yicha nomlanishi, raqami (elektron retsept raqamiga bog‘langan holda), shakli, dozasi, foydalanish usuli, davolanish kursining davomiyligi (surunkali kasallikka chalingan bemorlar uchun bir oydan oshmagan holda);
- shifokorning familiyasi, ismi va otasining ismi hamda telefon raqami;
- elektron retseptni tasdiqlagan shifokorning familiyasi, ismi va otasining ismi aks ettirilishi zarur:
Elektron retsept rasmiylashtirilgan kundan boshlab yetti kalendar kun amal qiladi.
Shifokor tomonidan rasmiylashtirilgan elektron retsept tasdiqlanganidan so‘ng axborot dasturi orqali Jamg‘arma bilan shartnoma tuzgan dorixonalarga uzatiladi hamda bemorning mobil telefon raqamiga mazkur retseptning raqami va sanasi aks ettirilgan SMS-xabarnoma avtomatik ravishda yuboriladi.
Bemor dorixonaga murojaat qilib, elektron retsept raqamini ma’lum qilganidan so‘ng dorixona xodimi tomonidan axborot dasturida mazkur elektron retsept bo‘yicha dori berilishi to‘g‘risida amaliyot bajariladi hamda bemor mobil telefon raqamiga SMS-xabarnoma orqali maxsus kod yuboriladi.
Dorixona xodimi maxsus kodni bemordan so‘raydi va axborot dasturiga kiritadi, kod axborot dasturi tomonidan qabul qilinganidan so‘ng reimbursatsiya dasturiga kiritilgan eng past cheklangan qoplash qiymatiga ega bo‘lgan dori vositasi bemorga beriladi hamda axborot dasturida dori vositasi berilganligi dorixona xodimi tomonidan tasdiqlanadi va mazkur elektron retsept yopiladi.