09:00 (23.08.2024)
691
Hindistonning eng yirik vaktsina ishlab chiqaruvchisi Hindiston Serum instituti (SII) yil oxirigacha mpox virusiga (maymunchechakning yangi nomi) qarshi vaktsina ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda med.news xabar bermoqda.
"mpox epidemiyasi tufayli biz ushbu kasallikka qarshi vaktsina ishlab chiqish ustida ishlamoqdamiz. Umid qilamizki, joriy yil oxirigacha ijobiy natijaga erishiladi”, — deya SII direktori Adar Punavalla soʼzlarini keltiradi sayt.
Unga koʼra, Punedagi Milliy virusologiya instituti Hindistonda 2022 yilda maymunchechak bilan kasallangan 30 ta holat qayd etilgan mpox namunalarini oʼrganish boʼyicha mamlakatdagi yetakchi tibbiy muassasaga aylangan.
Аvvalroq Hindiston hukumati mpox tarqalishi xavfi tufayli aeroportlar, dengiz portlari va Bangladesh hamda Pokiston bilan chegaralarda hushyorlikni kuchaytirgan edi.
Jahon sogʼliqni saqlash tashkiloti 2022 yil iyul oyida maymunchechak epidemiyasini xalqaro tashvishga soladigan favqulodda holat deb eʼlon qilgan edi. Hindistonda mpox infektsiyasining oxirgi holati 2024 yil mart oyida aniqlangan. Mamlakat bosh vaziri idorasi maʼlumotlariga koʼra, hozirda Hindistonda maymunchechak bilan kasallanish holatlari qayd etilmagan.
Maymunchechak - kam uchraydigan virusli kasallik boʼlib, uning belgilari isitma, intoksikatsiya, kattalashgan limfa tugunlari va dogʼlar koʼrinishidagi toshmalar, pufakchalar paydo boʼlishi sanaladi.
Yuqumli kasallik ikki-toʼrt hafta davom etadi, ammo ogʼir holatlarda oʼlimga olib kelishi mumkin.