17:09 (30.03.2023)

2850

“Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining 2022 yil faoliyati yakunlari

Bugun,  30 mart kuni Milliy matbuot markazida ayni shu mavzuda matbuot anjumani oʼtkazildi.

Bugungi kunda Oʼzbekiston farmatsevtika bozorida dori vositalarining ulgurji realizatsiyasi bilan shugʼullanuvchi korxonalar soni 616 tani tashkil etadi. Аna shulardan biri “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasidir.

Ulgurji va chakana savdo bilan shugʼullanuvchi kompaniya tizimida 2000 ga yaqin ijtimoiy dorixona va dorixona shoxobchalari  faoliyat yuritadi. Ushbu dorixonalarning 1260 tasi yoki 63 foizi qishloq hududlarida joylashgan. Shuningdek, maxsus jihozlangan avtomobillarda 107 ta koʼchma dorixona  tashkil etilgan boʼlib,  bu koʼchma dorixonalar mahalliy hokimiyatlar bilan kelishilgan jadval asosida respublikamizning chekka va dorixona mavjud boʼlmagan hududlaridagi aholiga kerakli dori vositalari va tibbiy buyumlarni yetkazib beradi.

 Kompaniya va uning hududiy boʼlinmalari turli tizimdagi davolash-profilaktika muassasalarining asosiy taʼminotchisi hisoblanadi. Xususan, 2022 yil davomida:

- sogʼliqni saqlash vazirligiga qarashli davolash profilaktika muassasalariga  – 246.2 mlrd. soʼmlik;, 

- boshqa davolash profilaktika muassasalariga – 22.0 mlrd.soʼmlik;

- xususiy sektorga – 30.0 mlrd.soʼmlik;

- harbiy davolash muassasalariga – 11.4 mlrd. soʼmlik;

- QVP va QOPlarga – 84.4 mlrd. soʼmlik dori vositalari va tibbiyot buyumlari yetkazildi.

 Kompaniya 130 dan ortiq mahalliy va chet ellik yetakchi ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʼllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Xususan, 2022 yilda  46,0 mlrd. soʼmlik  mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar farmatsevtik mahsulotlari xarid qilingan.

Xorijiy taʼminotchilardan 2022 yilda 11 mln. АQSh dollari yoki 129 mlrd.soʼm miqdorida  import mahsulot xarid qilingan.

Kompaniya tomonidan Davlat buyurtmasi asosida xorijlik hamkorlar bilan shartnomalar imzolagan holda 2022 yilda 2 347 000  doza grippga qarshi vaktsinalar olib kelingan boʼlib, bu vaktsinalar bolalar, oʼqituvchilar hamda shifokorlar bepul emlanishi uchun Oʼzbekiston Respublikasi sanitariya-epidemiologiya osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatiga yetkazib berildi. Shuningdek, aholi ehtiyojini qondirish maqsadida dorixonalar orqali chakana realizatsiya qilindi.  Bundan tashqari, 2022 yilda  955 145  flakon  insulin kirim  qilingan.

Oʼzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013 yil 22 iyuldagi  “Shaxslarning ayrim toifalarini imtiyozli asosda dori vositalari bilan taʼminlash tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʼgʼrisida”gi 204-son Qarori bilan ambulatoriyada davolanishda dori vositalari bilan imtiyozli taʼminlanish huquqiga ega boʼlgan shaxslarning 13 toifasi roʼyxati tasdiqlangan. Ularni dori vositalari va tibbiy buyumlari bilan taʼminlash uchun sarflanadigan xarajatlar davlat tomonidan qoplanishi belgilangan. Ushbu toifaga kiruvchi bemorlarga Kompaniya tizimidagi dorixonalar orqali 2022 yilda 523915 ta retsept asosida  27,1 mlrd. soʼmlik  dori vositasi va tibbiyot buyumlari bepul berildi.

Kompaniyaning umumiy tovar aylanmasi 2022 yil yakunlari boʼyicha 707.7 mlrd. soʼmni, shundan ulgurji tovar aylanmasi  455,4 mlrd. soʼmni, chakana tovar aylanmasi  252,3 mlrd. soʼmni tashkil etdi.

2016-2022 yillar davomida 10,6  mlrd. soʼmlik dori-darmonlar, tibbiyot buyumlari va gigiena vositalari ruhiy kasalliklar, narkologiya, onkologiya dispanserlari, oilaviy poliklinikalar, Nogironlar jamiyati, “Nuroniy”, “Sogʼlom avlod uchun” va boshqa bir qator jamoat fondlari hamda tashkilotlarga xayriya yordami sifatida yetkazib berilgan.

2022 yil davomida jismoniy va yuridik shaxslardan Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining virtual qabulxonasi, kompaniyaning veb-sayti, shuningdek, yozma shaklda va ishonch telefonlari orqali jami 213 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlarning barchasi Oʼzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʼgʼrisida”gi Qonuni talablariga qatʼiy rioya etilgan holda tegishli mutaxassislar tomonidan oʼrganilib, ijobiy hal etilgan holda, asosli javob qaytarildi.

Kompaniyada 2021 yil sentyabrь oyidan boshqaruv raisiga toʼgʼridan-toʼgʼri boʼysunadigan “Komplaens-nazorat” xizmati oʼz faoliyatini olib bormoqda.

Kompaniya tomonidan tizimda korruptsiyaga qarshi kurashish darajasini oshirish maqsadida Markaziy dorixona, “Аndijon Dori-Darmon” АJ, “Namangan Dori-Darmon”АJ, “Sirdaryo Dori-Darmon” MChJ xodimlari va dorixona mudirlari ishtirokidagi davra suhbatlari hamda yigʼilishlar oʼtkazildi. Videoselektor shaklida oʼtkazilgan yigʼilishlarda  va targʼibot tadbirlarida xodimlar oʼrtasida korruptsiyaning oldini olish, korruptsiyaviy huquqbuzarliklarni oʼz vaqtida aniqlash va korruptsiyaviy huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.        

2022 yil davomida Kompaniyaning korporativ boshqaruv tizimi samarali yoʼlga qoʼyilib, oʼtgan davrda 1 ta aksiyadorlar umumiy yigʼilishi, 11 ta Kuzatuv kengashi majlisi va 74 ta boshqaruv yigʼilishi oʼtkazildi.

Bugungi kunda “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi oʼz faoliyatining eng muhim pallasida turibdi: Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 15 avgustdagi “Davlat ishtirokidagi yirik korxonalar aksiyalarini fond birjasida birlamchi va ikkilamchi ommaviy joylashtirish toʼgʼrisida”gi 446-sonli qaroriga muvofiq, “Dori-Darmon” АK ustav kapitalidagi kompaniya depo hisobvaragʼida joylashtirilmagan 34,9 foiz va davlatga tegishli 16,1 foiz aksiyalar paketini yaxlit holda 51 foiz miqdorida bitta lot sifatida savdoga chiqarilishi belgilangan.

Mazkur qaror ijrosini taʼminlash maqsadida kompaniya nomidan
joylashtirilmagan aksiyalar paketini sotish boʼyicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga ishonchnomalar berildi (22.09.2022 yil 11-13/1038-son va 30.12.2022 yil 11-13/1438).

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan jalb etilgan “Portfolio Investments va Gemstone Capital” konsortsiumi (professional konsultant) hamda xalqaro nufuzga ega “Price waterhouse cooper (PwC)” professional baholovchi kompaniyalari bilan birgalikda kompaniyaning sotilishi belgilangan 51 foiz aktsiyalar ulushining bozor qiymatini hamda ushbu aktsiyalarni sotib olishga qiziqish bildirgan potentsial investorlarni aniqlash boʼyicha ishlar davom ettirilmoqda.

Matbuot anjumani davomida jurnalistlar oʼzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. 

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech