12:37 (24.08.2023)

1148

JSST har yili qancha odam ovqatdan zaharlanishini eʼlon qildi

Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti hisob-kitoblariga koʻra, har yili 600 million odam ovqatdan zaharlanadi. Bu sayyoramizning deyarli har 10 aholisidan biri, degani. Ayni shu sabab bilan yiliga 420 ming kishi vafot etayotgani ham raqamlarda koʻrsatilgan.

Koʻpchiligimiz uchun ovqatdan zaharlanish tezda oʻtib ketadigan, yengil holatdek koʻrinadi. Ammo dunyo boʻyicha aniqlangan raqamlar buni koʻrsatmayapti.

Odatda, ovqatdan zaharlanish mikroorganizmlar yoki kimyoviy moddalar bilan ifloslangan oziq-ovqatlarni isteʼmol qilish oqibatida yuzaga keladi. Va ushbu holatning 40 foizi 5 yoshgacha boʻlgan bolalarga toʻgʻri kelar ekan. Har yili 125 ming bola ana shu kasallikdan vafot etmoqda.

Gap shundaki, kasallik keltirib chiqaradigan bakteriyalar, viruslar, parazitlar yoki zararli kimyoviy moddalarni oʻz ichiga olgan xavfli oziq-ovqatlar diareyadan saratongacha boʻlgan 200 dan ortiq xastaliklarga sabab boʻladi. Albatta, bular orasida diareya ovqatdan zaharlanishning eng keng tarqalgan koʻrinishi boʻlib, ushbu kasallik dunyo boʻyicha besh yoshgacha boʻlgan bolalar oʻlimining ikkinchi asosiy sababi hisoblanadi.

Demak, vaziyat ancha jiddiy. Shunday ekan bunga beʼetibor boʻlmagan maʼqul. Xoʻsh, oziq-ovqatdan zaharlanishning oldini olish uchun uy sharoitida nimalarga eʼtibor berish kerak? Bu borada mutaxassislar bir qancha tavsiyalarni beradi. Jumladan,

  • mahsulotlar, ayniqsa, tayyor yoki yarim tayyor mahsulotlarni saqlash muddatiga ahamiyat bering;
  • goʻsht, baliq, yarim tayyor mahsulotlar, salatlarni muzlatgichda saqlang;
  • xom va pishgan goʻsht, baliqlarni qayta ishlashda alohida kesish taxtalaridan foydalaning;
  • xom mahsulotlarni toʻgʻrab boʻlgach, pichoqlarni yaxshilab yuving;
  • sabzavot, meva va rezavorlarni yaxshilab oqar suvda yuvib, soʻng qaynoq suvda chaying;
  • oshxona va shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qiling.
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech