12:11 (21.07.2023)
1940
Koronavirus pandemiyasi davrida dunyo boʼyicha bolalar oʼrtasida turli yuqumli kasalliklarga qarshi emlash koʼrsatkichlari pasayib ketishi mutaxassislarda jiddiy xavotir uygʼotayotgandi.
Vaqt oʼtishi bilan vaziyat birmuncha oʼnglandi. Keyingi paytlarda oʼgʼil-qizlar oʼrtasida immunizatsiya tadbirlari jonlanganday boʼldi.
Xususan, oʼtgan yili jahon boʼyicha 2021 yilga nisbatan 4 million koʼproq bola emlandi. Oʼz navbatida, birinchi va keyingi dozalarda vaktsina olmaganlar soni shu qisqa davr ichida 24,4 milliondan 20,5 million nafarga kamaydi.
Shunga qaramay, vaziyatni quvonarli, deb boʼlmaydi. Yaʼni emlanmagan qatlam pandemiyadan oldingi — 2019 yilgi darajadan hamon yuqori: bir yil avval 18,4 million nafar bola emlashni oʼtkazib yuborgan.
Oʼtgan yili 20,5 million oʼgʼil-qiz difteriya, qoqshol va koʼk yoʼtalga qarshi birinchi va toʼliq bosqichda vaktsina olmagan. Jumladan, ulardan 14,3 million nafari umuman emlanmagan.
Pandemiya davrida vaktsinalar bilan qamrov koʼrsatkichi sezilarli pasayib ketgan 73 ta davlatdan 15 tasi 2019 yilgi darajaga qaytishga muvaffaq boʼldi, 24 tasi tiklanish bosqichida. Аmmo 34 ta mamlakatda emlash qamrovi oshmagani yoki pasayishda davom etayotgani achinarlidir.
Qolaversa, sayyoramiz boʼyicha ayni paytda 35,2 million bola qizamiq bilan kasallanish xavfi ostida qolmoqda. Oʼtgan yili 21,9 million nafar oʼgʼil-qiz bu kasallikka qarshi emlanmagan. Ulardan 13,3 million nafari vaktsinaning ikkinchi dozasini qabul qilmagan.
Shundan kelib chiqib, JSST aʼzo mamlakatlar sogʼliqni saqlash tuzilmalariga bu masalaga jiddiy eʼtibor qaratish yuzasidan tavsiyalarini berdi.