09:03 (02.08.2024)
735
Bugundan dunyo bo‘ylab Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligi boshlandi. Shu munosabat bilan YUNISEF va Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining qo‘shma hisoboti e’lon qilindi.
Unda qayd etilishicha, so‘nggi 12-yil ichida bu borada ijobiy o‘sish tendensiyasi kuzatilmoqda. Xususan, ana shu davrda sayyoramiz bo‘yicha ona suti bilan oziqlanadigan olti oylikkacha bo‘lgan chaqaloqlar soni 10 foizga ko‘paygani quvonarli.
Bu, jahonda 48 foiz go‘daklar sog‘lom hayot boshlash imkoniyatiga ega bo‘lganini anglatadi. Ushbu statistika JSSTning 2025-yilda ko‘krak suti bilan parvarishlanadigan bolalar sonini 50 foizdan oshirishga doir global maqsadlariga yaqin.
Biroq hali mazkur yo‘nalishda o‘z yechimini kutayotgan muammoli masalalar bor. Vaholanki, chaqaloqlarni ona suti bilan oziqlantirish darajasini yaxshilash orqali yiliga 820 ming nafardan ziyod bolaning hayotini saqlab qolish mumkin.
Chunki ko‘krak suti tarkibidagi antitanalar go‘dakni turli kasalliklar, ayniqsa xavfli patologiyalardan himoyalaydi. Sog‘lom o‘sishi va rivojlanishini ta’minlaydi. O‘z navbatida, onalarning saraton va ba’zi yuqumli bo‘lmagan xastaliklarga chalinish xavfini kamaytiradi.
Biroq ko‘p ayollar farzandlarini ko‘krak suti bilan oziqlantirish borasida malakali tibbiy masalahat olish imkoniyatiga ega emas. Ba’zilari emizishning chaqaloq va ona salomatligi uchun naqadar muhimligidan bexabar.
Ayrim mamlakatlarda sun’iy ozuqalarni reklama va targ‘ib qilishga doir yetarli cheklovlar o‘rnatilmagan. Ona suti bilan parvarishlashni qo‘llab-quvvatlash mexnazmlari ishlab chiqilmagan. Bu borada doimiy monitoring dasturlari mavjud emas.
Mehnat qonunchiligida belgilangan — xodimga emizish bo‘yicha tanaffuslar berish kabi normalarga rioya etilishi nazorat qilinmaydi.
Butunjahon ona suti bilan oziqlantirish haftaligi davomida 7-avgustga qadar ushbu masalalar ham muhokamalar markazda bo‘lishi kutilmoqda.