09:44 (30.09.2024)
443
Xitoylik olimlar tomonidan olib borilgan keng ko‘lamli tadqiqot natijalari British Journal of Ophthalmology jurnalida chop etildi. 2050-yilga kelib, miopiya bilan og‘rigan bolalar va o‘smirlar soni 740 million kishidan oshishi mumkin: allaqachon butun dunyo bo‘ylab bolalar va o‘smirlarning uchdan biridan ko‘prog‘i miopiyadan aziyat chekmoqda.
Guanchjou shahridagi Chjunshan universiteti mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tahlilga ko‘ra, 1990-yildan beri miopiyaning tarqalishi sezilarli darajada oshgani: 1990-2000-yillarda bolalar va o‘smirlarning 24 foizida miopiya qayd etilgan bo‘lsa, 2020–2023-yillarga kelib bu ko‘rsatkich 36 foizga oshgan. Olimlarning prognozlariga ko‘ra, 2050-yilga borib 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lganlarning taxminan 40 foizida miopiya tashxisi qo‘yiladi.
Xulosalar Yevropa, Amerika, Osiyo, Afrika va Okeaniya kabi 50 ta mamlakatdan 5 milliondan ortiq bolalar va o‘smirlar qamrab olingan 276 ta tadqiqot ma’lumotlariga asoslangan. Bu mamlakatlarda qariyb 2 million miopiya holati qayd etilgan.
Shu bilan birga, qizlar va yosh ayollarda miopiya tarqalishi o‘g‘il bolalarga qaraganda yuqori bo‘lishi taxmin qilinmoqda va bolalarga nisbatan 13-19 yoshlilar orasida ko‘proq uchrashi kutilmoqda. Tadqiqotchilar gender farqlarini qizlarning o‘g‘il bolalarga qaraganda erta balog‘atga yetishi va ochiq havoda kamroq vaqt o‘tkazishi, ko‘proq o‘qishi va o‘quv materiallaridan yaqin masofada foydalanishga moyilligi bilan izohlanishi mumkinligini taxmin qilishdi.
Bundan tashqari, olimlar koronavirus pandemiyasi vaziyatni yanada og‘irlashtirishi mumkinligini, o‘smirlar pandemiya davrida vaqtini ko‘proq kompyuter ekranlari va gadjetlar oldida o‘tkazishganini aytib o‘tishdi.
Olimlar tabiatda ko‘proq vaqt o‘tkazish, sport bilan shug‘ullanish va ekran oldida bo‘lish vaqtini qisqartirishga harakat qilishni tavsiya qilmoqda.