08:50 (25.10.2024)

525

Kuz mavsumida bolalarni nafas a’zolari kasalliklaridan qanday himoya qilish kerak?

Ma’lumki, kuzda aholi orasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalinish holatlari ko‘payadi. Ayniqsa, bu fasl yosh bolalar o‘rtasida shamollash va gripp xastaliklari avj oladigan palla.

Albatta bunday paytda ota-onalar farzandlarini virusli kasalliklardan himoyalash uchun yanada e’tiborli bo‘lishi juda muhim. Xo‘sh, bunda nimalarga ahamiyat berish kerak?

Ushbu savolga tibbiyot fanlari doktori, professor Furqat Shamsiyev batafsil javob berdi.

— Yomg‘irli kunlar va salqin ob-havo sharoitida organizmning virus va infeksiyalarga qarshi kurashish qobiliyati pasayadi, — deydi mutaxassis. — Ya’ni, havoda namlik miqdorining ortishi sababli organizm kasallanishga moyil bo‘lib qoladi. Bu holat, ayniqsa, yosh bolalarda yaqqol namoyon bo‘ladi.

Ularning bunday infeksiyalarga duch kelmasligi uchun, eng avvalo, oilada o‘qil-qizlarni gigiyenik qonun-qoidalarga o‘rgatish, qo‘lni sovunlab yuvish yoki tez-tez antiseptik vositalar bilan dezinfeksiya kilishni uqtirish zarur. Chunki bu — mavsumiy virusli infeksiyalardan himoyalanishning eng muhim omili hisoblanadi.

Yuzlarni qo‘l bilan ko‘p ushlamaslik, xonalarni doimiy shamollatish, farzandlarga yo‘talganda yoki aksa urganda og‘iz va burunni salfetka yoki tirsak bilan yopishni o‘rgatish zarur.

Shuningdek, bolalarga kasal bo‘lgan tengqurlari oldiga yaqin kelmaslikni aytish, himoya niqoblaridan foydalanishni tushuntirish lozim. Agar farzandlar kasal bo‘lib qolgan bo‘lsa, maktabgacha ta’lim muassasasiga yoki maktabga yubormaslik kerak.

Isitmasi yuqori bolaning tomog‘ini yod yoki zelyonka bilan artish ko‘p kuzatiladigan yanglish xatti-harakat. Chunki kichik yoshli bemorning nafas yo‘li shilliq qavati juda nozik, qolaversa, virusdan yallig‘langan va shishgan bo‘ladi.

Agar yuqorida aytilgan surtmalar bilan ishlov berilsa, shilliq qavat jarohatlanib, shish kattalashib, laringit yuzaga kelishi va boshqa asoratlar kuzatilishi xavfi bor.

Bolaning fibril tutqanog‘i bo‘lmasa, kasallik tufayli tana harorati 38-38,5 darajadan past bo‘lganda isitmani tushirishga hojat yo‘q. Shundan ortsagina “Paratsetamol” yoki “Ibuprofen” (bolalar uchun eritma) berish mumkin.

Shuni unutmaslik kerakki, tana haroratining 37 S° daraja ekani isitma ko‘tarilganini anglatmaydi. Qayta-qayta isitmani tushiruvchi dorilarni ichirish esa undagi termoregulyatsiya markaziga salbiy ta’sir etadi.

Bundan tashqari, allergik yo‘tal, astma, yuqori nafas yo‘llarining yallig‘lanishi kuzatilayotgan bolalar bor xonalarda isiriq tutatish mumkin emas. Chunki tutun kichkintoy organlari spazmini ko‘paytirib, yo‘talni yanada kuchaytirishi mumkin.

Shamollash chog‘ida va tana harorati ko‘tarilganda ko‘p suyuqlik ichish kasallikni tezroq yengishga yordam beradi. Qolaversa, bolani to‘g‘ri va ratsional ovqatlanishi, surunkali infeksiya o‘choqlarini bartaraf etish hamda chiniqtirish bunday mavsumiy kasalliklarni oldini olishga ko‘maklashadi.

Bolaga qo‘shimcha D vitaminining suvli eritmasi (Akvadetrim), askorbin kislotasi, ruh (sink) va selen moddalari, kamqonlikni davolash maqsadida temir preparatlari tavsiya etilsa, nafas yo‘llari kasalliklariga qarshi kurashish kuchini oshirishga yordam beradi.

Shamollash mavsumida vaksinatsiya ishlarini olib borish ham kasallikdan himoyalanishda yaxshi samara beradi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech