08:56 (31.10.2023)

1056

Kuchli taʼsir qiluvchi hamda qalbaki dori vositalarining muomalaga kiritilishini oldi olindi

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Toyloq tuman boʻlimi tomonidan DXX xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda “G.F.” MCHJ dorixonasi mudiri J.Q. fuqaro Z.T.ga 120 dona “Zardeks” nomli kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini sotgan vaqtida ushlanib, ushbu dorixonadan 9 xil turdagi 671 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Shu kabi, Departamentning Jizzax shahar boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “V.-F.” MCHJ dorixonasi rahbari B.R. va sotuvchisi S.Gʻ. fuqaro M.X.ga tegishli hujjatlari boʻlmagan 10 dona “Immunoglobulin cheloveka antistafilokokkovыy” nomli qalbaki dori vositasini sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Xuddi shunday, Departamentning Yangihayot tuman boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda “V.-f.” MCHJ dorixonasi rahbari S.A. va sotuvchisi J.I. tegishli hujjatlari boʻlmagan 10 dona  “Immunoglobulin cheloveka antistafilokokkovыy” nomli qalbaki dori vositasini O.A.ga sotgan vaqtlarida ushlanib, ushbu dorixonadan jami 28 dona qalbaki dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olingan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 251-1-moddasi (kuchli taʼsir qiluvchi yoki zaharli moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish) va 186-3-moddasi (sifatsiz yoki qalbakilashtirilgan dori vositalarini yoxud tibbiy buyumlarni oʻtkazish maqsadida ishlab chiqarish, tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech