11:52 (09.08.2024)
944
IIV Tezkor-qidiruv departamenti va DXX xodimlari tomonidan 1994 hamda 1997-yilda tug‘ilgan ikki nafar shaxs yirik miqdorda kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini qadoqlab, so‘ng Toshkent shahrida «zakladka» usulida tarqatish bilan shug‘ullanayotganligi to‘g‘risida tezkor ma’lumot olindi.
Ma’lumot asosida ushbu ikki nafar shaxslar Mirzo Ulug‘bek tumani hududida to‘xtatilib tekshirilganda, ularning yonida 300 dona Pregabalin va 8 dona Tropikamid kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlandi.
Tadbir davom ettirilib, qo‘lga olingan shaxslardan birining yashash manzilidan tarqatish uchun tayyorlab qo‘yilgan va qadoqlash uchun saqlab kelinayotgan dori vositalari, flakonlar, bo‘sh kapsulalar, elektron tarozilar hamda dori vositalarini qadoqlash maqsadida turli aralashtirish moslamalari borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek qo‘lga olingan shaxsga tegishli «Spark» rusumli, avtomashina yukxonasida:
- 12 dona kir yuvish kukuni qadog‘iga yashirilgan 36 kilogramm va yelim idishda 1,5 kilogramm Pregabalin;
- 2 700 dona qadoqlangan Pregabalin dori vositalari va bo‘sh kapsulalari borligi aniqlandi.
O‘tkazilgan hamkorlikdagi tezkor tadbir davomida chakana narxi 35 mlrd 692 mln so‘mlik jami 42 kg 806 gramm kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari olindi. Hozirda holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib tergov harakatlari olib borilmoqda.