11:43 (16.11.2023)
1326
Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʼRQ–878-son, 15.11.2023 y.) bilan ayrim qonun hujjatlariga oʼzgartirish va qoʼshimchalar kiritildi.
Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksga kiritilgan oʼzgartirishga koʼra, sanitariya qonunchilikni, sanitariya normalarini, qoidalarini va gigiena normativlarini buzish:
• fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 10 baravarigacha (ilgari BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha edi);
• mansabdor shaxslarga 15 baravaridan 20 baravarigacha (ilgari 5 baravaridan 10 baravarigacha edi) miqdorda jarima solishga sabab boʼladi.
“Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʼgʼrisida”gi Qonunga kiritilgan qoʼshimcha va oʼzgartirishlarga muvofiq:
• qonunchilikda nazarda tutilgan faoliyat turlari uchun 1 yil muddatga litsenziyani olish yoki sudning qaroriga (hukmiga) asosan shaxsga nisbatan muayyan faoliyat turi bilan shugʼullanish taqiqlanganligi litsenziyani yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni berish toʼgʼrisidagi arizani rad etish uchun asos boʼladi.
Shuningdek, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjat quyidagi hollarda ham bekor qilinishi belgilandi:
• litsenziat yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatni olgan shaxs tomonidan litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari muntazam ravishda (1 yil davomida ikki va undan ortiq marta) buzilganda;
• litsenziya yoki ruxsat berish talablari va shartlari 1 marotaba qoʼpol ravishda buzilganda, agar mazkur qoidabuzarlik fuqarolarning hayoti va sogʼligʼiga ziyon, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlariga, jamoat xavfsizligiga zarar hamda atrof-muhitga ziyon yetkazilishiga, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar yetkazilishiga, tinchlik va xavfsizlikka tahdid solinishiga olib kelgan boʼlsa.
Ushbu hollarda qonunchilikda belgilangan faoliyat turlari uchun 1 yil davomida qaytadan litsenziya berilmaydi. Mazkur talab tadbirkorlik subʼektining muassisi yoki benefitsiar mulkdori tomonidan tashkil etiladigan yangi tadbirkorlik subyektlariga nisbatan ham tatbiq etiladi.