08:56 (17.08.2023)

1314

Turkiy davlatlar sogʼliqni saqlash vazirlari Samarqandda

Samarqand shahrida Turkiy davlatlar tashkiloti sogʼliqni saqlash vazirlari yigʼilishi va Turkiy dunyo tibbiyot kongressi boʼlib oʼtmoqda.

Unda tashkilotga aʼzo sogʼliqni saqlash vazirlaridan tashqari Tatariston sogʼliqni saqlash vaziri ham ishtirok etmoqda. Kongress ochilish marosimida Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Quvonchbek Omuraliev, Oʼzbekiston sogʼliqni saqlash vaziri А. Inoyatov soʼzga chiqib, mehmonlarni qutladi.

Tadbirdan koʼzlangan maqsad turkiy xalqlar tabobatining noyob merosi, boy tajribasi va tarixiy anʼanalarini oʼrganish barobarida, zamonaviy va innovatsion tibbiyot yutuqlaridan birgalikda foydalanish hamda ularni keng ommalashtirishdir.

Tadbir davomida nufuzli mehmonlar “Oʼzbekiston Respublikasi sogʼliqni saqlash aʼlochisi” koʼkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Tadbirning tantanali qismidan soʼng galdagi nufuzli tadbir Oʼzbekiston — Turkiya tibbiyot forumi boʼldi.

Tadbirda har ikki mamlakat sogʼliqni saqlash vazirlari, tizim masʼullari, tibbiyot oliy oʼquv yurtlari, yetakchi davolash-profilaktika muassasalari, xususiy klinikalar, farmatsevtika kompaniyalari rahbarlari, soha olimlari, qolaversa hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Forum yakunida ikki davlat tibbiyot muassasalari, sohaga ixtisoslashgan oliy oʼquv yurtlari va ularning klinikalari, xususiy sektor korxonalari va farmatsevtsika kompaniyalari oʼrtasida oʼzaro manfaatli kelishuvlarga erishilib, memorandum hamda hamkorlik shartnomalari imzolandi.

Xalqaro tadbir doirasida tibbiyot koʼrgazmasi ham tashkil etildi. Unda ishtirokchi mamlakatlar sogʼliqni saqlash vazirlari zamonaviy tibbiy texnologiyalar va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqaruvchi kompaniyalar vakillari bilan muloqot qildi.

Kunning ikkinchi yarmida Oʼzbekiston — Turkiya tibbiyot forumi doirasida ikki tomonlama B2B formatdagi muzokaralar boʼlib oʼtdi. Oʼz navbatida, sogʼliqni saqlash vazirlarining uchrashuvi ham boʼlib oʼtdi.

Xalqaro tadbir bugun ham oʼz ishini davom ettiradi

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech