11:09 (25.03.2023)

2622

SSV: Shu yil iyun oyida "Oʼzbekiston — Rossiya" tibbiyot forumi oʼtkaziladi

Oʼzbekiston Sogʼliqni saqlash vaziri Аmrillo Inoyatov boshchiligidagi delegatsiya Rossiya Federatsiyasining Sankt-Peterburg shahrida boʼlib turibdi.

Xususan, vakillarimiz Rossiya Federatsiyasi sogʼliqni saqlash vaziri Mixail Murashko bilan uchrashdi. Muloqotda ikki davlat oʼrtasida tibbiyot sohasidagi amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari koʼrib chiqildi.

Uchrashuvda tomonlar yangi qoʼshma taʼlim dasturlarini roʼyobga chiqarish, kadrlar malakasini oshirish, pediatriya, onkologiya, gematologiya, onkogematologiya, xirurgiya, transplantologiya yoʼnalishlari boʼyicha Sankt-Peterburg davlat pediatriya tibbiyot universiteti bilan ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash, maqsadli doktorantura va aspiranturani yoʼlga qoʼyishga kelishib oldi.

Oʼz navbatida, farmatsevtika sohasini rivojlantirish, arzon va sifatli dori-darmonlar ishlab chiqarish, bolalarda suyak iligi transplantatsiyasini joriy etish kabi masalalar muhokama qilindi.

Yakunda shu yil iyun oyida mamlakatimizda "Oʼzbekiston — Rossiya" tibbiyot forumining oʼtkazilishi belgilandi. Mazkur forum doirasida sogʼliqni saqlash boʼyicha ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzolanishi rejalashtirilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech