13:08 (25.03.2023)
2342
Oʼzbekiston fanlar akademiyasi Yadro fizika instituti direktori, texnika fanlari doktori, professor Ilhom Sodiqov OʼzА muxbiri bilan suhbatda institut olimlari tomonidan 2022 yilning iyun oyida roʼyxatdan oʼtkazilib, ishlab chiqarishga tatbiq etilgan yangi radiofarmatsevtik vektorli terapiya vositasi haqida gapirib berdi.
- Bu preparat saraton kasalligini davolashda nihoyatda samarador boʼlgan yangi dori vositasi hisoblanadi. Bu dori vositasining bitta dozasi hozirgi kunda АQShda 70 ming dollar, Yevropa mamlakatlarida 25 ming dollar atrofida sotilyapti. Bizning institutimiz ushbu dorini respublikamizdagi 3 ta onkologik klinikalarga 1,5 ming АQSh dollari narx bilan yetkazib berishni yoʼlga qoʼydi.
Bu dori 2018 yildan boshlab bir nechta chet davlatlarda, har biri oʼzlari yaratgan texnologiya boʼyicha ishlab chiqarilib, tibbiyotda qoʼllanilib kelinmoqda. Biz oʼzimizda yaratilgan yangi texnologiya boʼyicha mazkur dorini ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼydik. Hozirgi kunda biz ishlab chiqarayotgan “litetsiy-177” nomli izotopimiz dunyodagi boshqa ishlab chiqaruvchilar mahsulotidan 10 barobar toza hamda yuqori sifatli radioizotop hisoblanadi.
Oddiy qilib aytganda dunyoda bor dori vositasini takomillashtirib, oʼzimiz yaratgan texnologiya boʼyicha unga nisbatan sifatli va arzon mahsulot ishlab chiqarishni yoʼlga qoʼydik. Bizning mahsulot Аmerika Qoʼshma Shtatlari, Germaniya, Rossiyadagi mahsulotlarga nisbatan 10 barobar toza boʼlishi bilan birga, 15-50 martagacha arzon.
Suratda - butun tanasi rak metastazalari bilan qoplangan 4 ta bemor (chap tomonda) va lyutetsiy-177 PSMА-617 preparati bilan 2-3 oy mobaynida davolangandan soʼng (oʼng tomonda).
Tarkibi “lyutetsiy-177” radioizotopi va unga biriktirilgan prostata spetsifik membranali “antigen-617” degan oqsil moddasidan iborat. Ushbu oqsil moddasi “lyutetsiy-177” radioizotopini organizmning saraton metastazalari boʼlgan joylariga yetkazib beruvchi transport vositasi vazifasini bajaradi. “Lyutetsiy-177” radioaktiv izotopi saraton oʼsmalari ichiga kirib, oʼzining radioaktiv nurlari bilan oʼsmalarni kuydiradi. Bu nurlarning oʼtish masofasi 1-2 millimetrni tashkil qilgani sababli ular oʼsmani ichidan yemirib, atrofidagi sogʼlom toʼqimalarga zararli taʼsir koʼrsatmaydi. Bu bilan oʼsmalarni operatsiyasiz davolash imkoni tugʼiladi.
Hozirgi kunda bu dori 4-bosqichdagi rak kasalligining 97-99 foizgacha tuzalishini taʼminlayapti. Jahondagi tibbiyotchilar revolyutsion dorilar qatoriga kiruvchi bu preparatga “fantastik natija”, deb baho berishyapti. Bu dori vositasi institutning shoʼʼba korxonasi boʼlgan “Radiopreparat” davlat korxonasi va Radiokimyo ilmiy laboratoriyasi olimlari tomonidan olib borilgan tadqiqotlar mahsuli hisoblanadi.
Maʼlum boʼlishicha, lyutetsiyts-177 PSMA-617 dori vositasi asosan katta yoshdagi erkaklardagi prostata bezi rakini davolashda samarali hisoblanadi.
«Bu dori vositasi radioaktiv modda boʼlib, u dorixonalarda sotilmaydi. Bu faqat shifoxona va klinikalarga yetkazib beriladi», deyiladi Oʼzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi xabarida.
Davolash faqatgina kasalxona sharoitida, maxsus gamma kameralar bilan kuzatuv ostida olib boriladi.