08:55 (24.08.2023)
1581
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Ozarbayjonga davlat tashrifi arafasida Boku shahrida ikki mamlakatning 250 dan ortiq yetakchi kompaniyalari vakillari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi.
Forumda energetika, metallurgiya, shaharsozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, neft va gaz sanoati hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida belgilandi. Oʻzbekiston-Ozarbayjon investitsiyaviy kompaniyasi koʻmagida metall buyumlar, farmatsevtika mahsulotlari, maishiy texnika va qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi qoʻshma korxonalar tashkil etish boʻyicha aniq takliflar bildirildi.
2022-yilda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 2,5 million dollarlik farmatsevtika mahsulotlari Ozarbayjonga eksport qilingan bo‘lsa, 2023-yilning birinchi yarim yilligida bu ko‘rsatkich 128 foizga oshgan. 2024-yilda eksport hajmini 4 million dollarga yetkazish kutilmoqda.
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (O‘zbekiston) va Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi (Ozarbayjon) bilan farmatsevtika sohasida investitsion loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikni chuqurlashtirish to‘g‘risida Anglashuv memorandumi imzolandi. O‘zbekistonda farmatsevtika sanoatini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar e’tirof qilindi.
Shu maqsadda, Ozarbayjon Eksport va investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligi - AZPROMO ikki davlat tadbirkorlarini jalb qilgan holda Ozarbayjonda insulin, antibiotiklar, yuqori texnologiyali tibbiy texnika ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish takliflari bildirildi.
O‘zbekiston-Ozarbayjon biznes-forumi ikki davlat o‘rtasida manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Sheriklikni mustahkamlash yo‘lidagi ushbu tashabbus va natijalar shubhasiz, O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasida farmatsevtika sohasini rivojlantirishda muhim omil bo‘ladi.