15:30 (10.11.2023)
1630
Nyu-Yorkdagi NYU Langone Health jarrohlari dunyoda birinchi marta odamda butun koʼz transplantatsiyasini amalga oshirishdi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Shu paytgacha shifokorlar faqat shox pardani koʼchirib oʼtkazishga muvaffaq boʼlishgan. “Koʼzni koʼchirib oʼtkazganimiz oldinga qoʼyilgan ulkan qadamdir”, dedi shifokorlar guruhini boshqargan Eduardo D. Rodriges.
Bemor Arkanzas shtatida yashovchi 46 yoshli harbiy faxriy Aaron Jeyms boʼlib, u ish joyida yuqori kuchlanishli elektr toki urishini boshdan kechirgan. Hodisa natijasida u yuzining chap tomoni, jumladan, koʼzi, shuningdek, burni va ogʼzi shikastlangan. Operatsiya 21 soat davom etgan.
Jarrohlarning aytishicha, transplantatsiya qilingan organ operatsiyadan keyin "ajoyib salomatlik belgilarini" koʼrsatgan. Rodrigesning soʼzlariga koʼra, koʼrish qobiliyati tiklanmasa ham, hayotga yaroqli koʼz olmasini koʼchirib oʼtkazish koʼplab yangi imkoniyatlarni ochadi. Jeyms yangi koʼz bilan koʼra oladimi yoki yoʼqmi, hozircha nomaʼlum.