09:12 (03.03.2023)
2698
Raqamli markirovkalash — bu tovar aylanmasini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi. Raqamli belgilar qoʼllanilishi mahsulot haqidagi barcha maʼlumotlarni olish imkoniyatini beradi. Jumladan, ishlab chiqaruvchining nomi, tayyorlangan tovar yoki sotiladigan joy, sana va vaqt, yaroqlilik muddati, standart raqami kabi maʼlumotlar maxsus kod ostiga joylashtiriladi. Maʼlumotlar davlat axborot tizimida saqlanadi. Bu tizim Davlat darajasida tovarlarning raqamli markirovkasi “qora” bozorda tovar aylanmasini qisqartiradi, soliq va bojxona toʼlovlari tushumini oshiradi, nazorat qilishni tashkil etish uchun sarflanadigan xarajatlarni kamaytiradi. Qolaversa, ekspertlar fikricha, Oʼzbekiston uchun raqamli markirovkalash tizimi oʼta zarur va uni oʼz vaqtida joriy etishga kirishilgan.
KOʼHNА TАRIX VА ZАMONАVIY QR-KOD
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, eramizdan avvalgi davrda ham tovarlarni markirovkalash boʼyicha dastlabki saʼy-harakatlar boʼlgan. Xususan, arxeologik qazishmalar tufayli topilgan xumlarda mahsulot nomi, uzum navi, qaysi joyda va qachon tayyorlangani haqida qaydlar boʼlgan.
1901 yil 11 dekabrda muhandis Gulьelьmo Markoni morze alifbosi orqali boshqa qitʼaga birinchi signalni joʼnatishga muvaffaq boʼladi. Bu, oʼz navbatida, amerikalik aspirantlarni skanerga joylashtirilgan axborotni oʼquvchi shtrix-kod yaratishga ilhomlantirdi. Hozirgi paytda bu borada ikki oʼlchamli radiosignalli kodlar, masalan, QR-kod va RFID qaydlaridan keng foydalanilmoqda.
QR-kod belgisi keyingi paytda hayotimizning ajralmas qismiga aylanib boryapti. Oq fonda sirli qora katakchalar tushirilgan tasvirlarni hamma joyda uchratamiz. Uni mahsulotlar, kommunal toʼlovlar yorliqlarida, jurnal va gazeta sahifalarida ham koʼrishimiz mumkin. Аslida bu belgi koʼp miqdordagi axborotlarni uzatish yoki undan foydalanishni soddalashtirishda qoʼl kelmoqda. Shu bois, butun dunyoda elektron toʼlovlarni amalga oshirishda mazkur texnologiya beminnat dastyorga aylangan.
— Raqamli markirovkalash tizimi Yevropa Ittifoqi davlatlari, Braziliya, Аrgentina, Kanada, Filippin, Rossiya va Qozogʼistonda faol qoʼllanilmoqda, — deydi “CRPT Turon” MChJning operatsiya jarayonlari boʼyicha direktori Oleg Kuzmin. — Masalan, Frantsiya Yevropaning dori-darmonni markirovkalagan birinchi mamlakati sanaladi. Bu jarayon joriy etilganidan bir yil oʼtib, davlat byudjetiga daromadlar 1,7 milliard dollar oshgan, oʼz navbatida, bu qoʼshni mamlakatlarda ham dori-darmonni markirovka qilish uchun jiddiy turtki berdi.
Rossiyada birinchilardan boʼlib moʼynali palьtolar markirovka qilingan. Bir qarashda ularni markirovkalashga hojat yoʼqqa oʼxshaydi, bu turdagi kiyim koʼp xarid qilinmaydi va qalbakilashtirish darajasi ham nihoyatda past, deb oʼylash mumkin. Markirovkalash joriy etilgach, moʼynali palьtolarning rasmiy savdosi 10 barobar oshdi. Shuningdek, tamaki mahsulotlari markirovka qilinganidan soʼng yoʼq joydan ilgari mahsulot ishlab chiqarish va soliqsiz sotish bilan shugʼullanib kelgan 18 ta zavod paydo boʼldi. Ular oʼz faoliyatini qonuniylashtirishga majbur boʼldi.
Xitoyda esa majburiy markirovkalash boʼyicha qatʼiy qoidalar yoʼq: bu masala bilan davlat emas, balki oʼz mahsulotlarini qalbakilashtirishdan himoya qilish istagidagi tadbirkorlik subʼektlarining oʼzi shugʼullanadi.
DORI VOSITАLАRI
Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 2 apreldagi “Dori vositalari va tibbiy buyumlarni majburiy raqamli markirovkalash tizimini joriy etish toʼgʼrisida”gi qaroriga muvofiq, mamlakatimizda dori va tibbiy mahsulotlarni raqamli markirovkalash tizimi 2025 yilgacha bosqichma-bosqich joriy etiladi. 2022 yilning 1 sentyabridan birinchi guruhga mansub ikkilamchi (tashqi) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori (orfan dori vositalari bundan mustasno) vositalari, 2022 yilning 1 noyabridan ikkinchi guruhga mansub birlamchi (ichki) qadoqlarda ishlab chiqarilgan dori (agar ikkilamchi (tashqi) oʼram mavjud boʼlmasa) va dorivor angro mahsulotlar (orfan dori vositalari bundan mustasno)ni markirovkalash boshlangan.
2023 yilning 1 martidan eʼtiboran orfan (kam uchraydigan kasalliklarga tashxis qoʼyish va ularni davolash uchun moʼljallangan dori vositalari) markirovkasi boshlandi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bu turdagi dorilar koʼproq qalbakilashtiriladi va ularning aslligini taʼminlash juda muhim. Shu sababli bu toifadagi vositalar alohida guruhga kiritilgan.
2025 yil 1 fevraldan boshlab, toʼrtinchi guruh — belgilangan tartibda tasdiqlangan roʼyxatga kiritilgan tibbiy buyumlar markirovkalanadi. Bunda tibbiy buyumlar roʼyxati Davlat soliq qoʼmitasi va Sogʼliqni saqlash vazirligi tomonidan mazkur mahsulotlarni raqamli markirovkalash yuzasidan oʼtkazilgan tajriba loyihasi natijalariga asosan tasdiqlanadi.