11:49 (07.08.2024)
829
AQShning Oregon shtati Salomatlik va fan universiteti olimlari Altsgeymer kasalligiga genetik moyilligi bo‘lgan keksa yoshdagi odamlar uchun baliq yog‘li qo‘shimchalarning potensial foydasini ko‘rsatadigan klinik tadqiqot o‘tkazdilar.
Bu haqda JAMA Network Open jurnalida e’lon qilingan maqolada xabar berilgan.
Mutaxassislar baliq yog‘i tarkibidagi omega-3 yog‘ kislotalarining keksalardagi kognitiv funksiyalarga ta’sirini o‘rganishdi. Tadqiqotning barcha ishtirokchilari uchun sezilarli foyda aniqlanmagan bo‘lsa-da, Altsgeymer kasalligi rivojlanish xavfining oshishi bilan bog‘liq bo‘lgan APOE4 genining tashuvchilarida miyadagi nerv hujayralari nobud bo‘lishining kamayishi kuzatildi.
Tadqiqotda qonda omega-3 yog‘ kislotalari darajasi past bo‘lgan 75 yosh va undan katta bo‘lgan 102 kishi ishtirok etdi. Ishtirokchilar uch yillik tadqiqot boshida va oxirida qon tomirlari orqali ozuqa moddalarining yetkazib berilishi uchun mas’ul bo‘lgan miya oq moddasidagi o‘zgarishlarni baholash uchun magnit-rezonans tomografiyadan (MRT) o‘tkazildi.
Ishtirokchilarning yarmi omega-3 bilan boyitilgan baliq yog‘i qo‘shimchasini, qolgan yarmi esa soya moyi asosidagi platsebo qabul qildi. Natijalar birinchi guruhda oq moddaning zararlanishi zo‘rayishining biroz pasayishini ko‘rsatdi, ammo bu farq statistik ahamiyatga ega emas edi.
Biroq, baliq yog‘ini qabul qilgan APOE4 geni tashuvchilarida tadqiqotchilar davolanish boshlanganidan bir yil o‘tgach, miya hujayralari butunligi buzilishining sezilarli pasayishini qayd etishdi, bu esa bunday qo‘shimchalarning ushbu odamlar guruhi uchun foydali bo‘lishi mumkinligidan dalolat beradi.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, natijalarni tasdiqlash uchun aholining turli guruhlari ishtirokida kengroq tadqiqotlar o‘tkazish zarur. Shunga qaramay, ushbu ma’lumotlar Altsgeymer kasalligining oldini olish bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqish uchun asos bo‘lishi mumkin.