11:40 (02.10.2024)
444
Liverpul universiteti, London Qirollik kolleji va Kembrij universiteti olimlari COVID-19 ning miyaga jiddiy ta’sirini aniqladilar.
Olimlar nazorat guruhiga qaraganda COVID-19 bilan kasalxonaga yotqizilgan bemorlarning kognitiv funksiyalari (bu odamlarning aqliy jarayonlari, fikrlash qobiliyati, xotira funksiyalari va e’tiborining yomonlashishiga olib keladigan holatlar) 12-18 oydan keyin yomonlashganini aniqladilar. Bu buzilish miya hajmining kichrayishi, shuningdek, miya shikastlanishiga sabab bo‘ladigan oqsillarning ko‘payishi bilan bog‘liq. Ma’lumotlar shuni ko‘rsatadiki, kognitiv buzilish 20-yillik normal qarishga teng.
Tadqiqot uchun 351 bemor jalb qilindi. Ularning barchasi og‘ir shaklda COVID-19 bilan kasallangan va kasalxonaga yotqizilgan. Ularning kognitiv ko‘rsatkichlari 3000 nafar nazorat guruhidagi insonlarning ko‘rsatkichlari bilan taqqoslandi. Kognitiv testdan tashqari, miya hajmini baholash uchun magnit-rezonans tomografiyasi (MRT) va asab hujayralarining shikastlanishi bilan bog‘liq biomarkerlar darajasini o‘lchash uchun qon testlari o‘tkazilgan.
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, COVID-19 bilan kasallangan bemorlarda, hatto kasalxonaga yotqizish paytida sezilarli nevrologik asoratlar bo‘lmasa ham, kognitiv nuqsonlar kuzatiladi. Bu shuni ko‘rsatadiki, COVID-19 aniq nevrologik tashxislarsiz o‘z-o‘zidan kognitiv buzilishlarni keltirib chiqarishi mumkin. MRT tahlili, shuningdek, kognitiv funksiya bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarda miya hajmining kichrayishini ko‘rsatdi.
Tadqiqotchilar, shuningdek, qondagi miyaga zarar yetkazadigan oqsillar darajasining oshishi miya hajmining kichrayishi bilan bog‘liqligini ta’kidladi, bu COVID-19 dan keyin kognitiv buzilishning asosiy biologik mexanizmlarini ko‘rsatadi. Olimlar ushbu mexanizmlar gripp kabi boshqa og‘ir infeksiyalarda ham kuzatilishi mumkinligini aytishmoqda va bu o‘rganishni talab qiladi.
Topilmalar COVID-19 ning miya va kognitiv funksiyaga uzoq muddatli ta’siri o‘rganish uchun tadqiqotlarlarni davom ettirish zarurligini ko‘rsatadi.