09:00 (05.07.2024)

270

Retseptsiz beriladigan dorilar va tibbiy texnika narxiga nisbatan cheklovlar olib tashlanadi

Oʻzbekistonda tibbiy texnikalar va retseptsiz sotiladigan dori-darmonlarga nisbatan narx cheklovlarini bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov 4-iyul kuni tibbiyot va farmatsevtika sohasidagi biznes vakillari bilan oʻtkazilgan ochiq muloqot chogʻida maʼlum qildi.

Tadbirkorlardan birining aytishicha, belgilangan tarif limiti tufayli dori-darmon va tibbiy texnika kontrabandasi “gullab-yashnamoqda”, QQS boʻyicha imtiyozlar bekor qilingandan soʻng bozorda kontrabanda mahsulotlari yanada koʻpayib ketishi mumkin. Shuningdek, u dori vositalari millionlab tirajda, tibbiy asbob-uskunalar esa uzogʻi bilan 1000 dona sotilayotganiga eʼtibor qaratdi.

2017-yildan boshlab ulgurji savdo (distribyutorlar) uchun cheklangan ustama bazaviy narxning 15 foizini, chakana savdo (dorixonalar) uchun xarid narxining 20 foizini tashkil qiladi. 2020-yilda dori-darmonlar narxlari referent narx belgilash tizimi doirasida roʻyxatdan oʻtkazila boshlandi. Bu tartibga soluvchi organ tomonidan ishlab chiqarilgan va boshqa bir qancha mamlakatlarda ishlab chiqaruvchi mahsulot narxlarini taqqoslashdir. Davlat regulyatori xorijda maʼlum bir mahsulot uchun narx darajasini taqqoslab, sotuvchilarga undan oshib ketishini taqiqlab, bozor narxining chegarasini tanlash huquqiga ega.

Farmatsevtika agentligi rahbari Abdulla Azizovning aytishicha, bu taklif allaqachon prezident farmoni loyihasiga kiritilgan va Prezident administratsiyasida koʻrib chiqilmoqda.

“Biz buni Moliya vazirligi bilan kelishib boʻlganmiz. 15−20% li ustama faqatgina retsept boʻyicha beriladigan dori-darmonlar uchun qoladigan boʻldi. [Ustama limiti] retseptsiz beriladigan dorilar uchun ham, tibbiy mahsulotlar uchun olib tashlanadi. Hammadan ruxsat olib boʻlindi. 1−2 ta punkt boʻyicha kelishish qoldi, mening kutishimcha, farmon 2−3 hafta ichida chiqishi kerak”, — dedi u.

Tadbirkor bozorda hamma uchun teng sharoit yaratish maqsadida soliqqa oid oʻzgarishlarni ham taklif qildi. Unga koʻra, hozirda koʻplab xususiy klinikalar 4 foizlik aylanma soligʻi toʻlaydi va oʻz aylanmasi 1 milliard soʻmdan oshmasligiga harakat qilmoqda.

Abdulla Azizovning aytishicha, bu taklif prezident farmoni loyihasida ham mavjud. 2025-yildan dori vositalari va farmatsevtika mahsulotlari bilan shugʻullanuvchi barcha kompaniyalar QQS toʻlovchiga aylanishi rejalashtirilmoqda.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech