10:46 (26.09.2023)
1262
SSV huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi tomonidan “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “SAMO” MCHJ korxonasida farmatsevtik faoliyat boʻyicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan, Zarur ishlab chiqarish amaliyoti, Zarur distribyutorlik amaliyoti, Zarur saqlash amaliyoti davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq boʻlish va korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart boʻlgan litsenziya talab va shartlari boʻyicha holatlar oʻrganilmoqda.
Shuningdek, Markazning akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalari tomonidan “Dori vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamenti”ga muvofiq, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik koʻrsatgichlari boʻyicha oʻrnatilgan tartibda tahlil jarayonlari ketmoqda.
Avvalroq, Namangan viloyatida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani maʼlum boʻlgach, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi 22-sentyabrdan “Antistrumin” №100 tabletkalaridan foydalanishga cheklov joriy qilgan edi. Andijon viloyati hokimligi “Antistrumin” preparatini qabul qilgan 12 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi.