12:00 (22.08.2024)
693
Maymun chechagi – virusli infeksiya bo‘lib, organizmning umumiy zaharlanishi hamda terida o‘ziga xos toshmalar toshishi bilan kechadi.
“Maymun chechagi” kasalligi respublikamiz hududiga kirib kelishi ehtimoli juda kam. Negaki “maymun chechagi” kasalligi qayd qilinayotgan Yevropa mamlakatlarida bemorlar va muloqotda bo‘lganlarga nisbatan alohidalash choralari olib borilmoqda, epidemiyaga qarshi amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar esa to‘liq samara bermoqda.
Mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 1980-yildan avval tug‘ilgan katta yoshdagilar chechak (xalq tilida chin chechak) kasalligiga qarshi to‘liq emlangan. Aynan shu qatlamda jamoaviy immunitet mavjud, boisi chin chechakka qarshi emlashdan keyin hosil bo‘lgan immunitet maymun chechagiga qarshi ham ishlaydi va kasallikning keng tarqalish xavfini pasaytiradi.
Kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida:
- maymun chechagi kasalligi bo‘yicha epidemiologik noxush davlatlarga safarlarni cheklash;
- ish yuzasidan xizmat safariga borilgan taqdirda, yovvoyi hayvonlar va kemiruvchilar (maymunlar, kalamushlar) bilan muloqotda bo‘lmaslik;
- jamoat joylariga chiqishda shaxsiy gigiyenaga qat’iy rioya qilish;
- tana harorati ko‘tarilgan yoki toshmalar toshgan yo‘lovchilar bilan birga harakatlanishga to‘g‘ri kelganda imkon qadar sanitariya-muhofaza (ijtimoiy) masofani saqlash, tibbiy niqoblardan foydalanish, qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan ishlov berish;
- jamoat transportlarida tibbiy niqoblardan foydalanish, transportdan tushgandan so‘ng qo‘llarni zararsizlantiruvchi vositalar bilan tozalash tavsiya etiladi.