17:50 (15.09.2023)

1143

Shifokor va farmatsevtlarga malaka toifasini berish attestatsiyalari onlayn shaklda oʻtkaziladi

Sogʻliqni saqlash vazirining 2023-yil 5-sentyabrdagi tegishli buyrugʻi bilan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi huzuridagi vrachlar va farmatsevtlarga malaka toifasini berish boʻyicha appelyatsiya komissiyasi va jami 39 ta tibbiy yoʻnalishdagi ixtisoslashtirilgan attestatsiya komissiyalari tarkibi tasdiqlandi.

Ushbu attestatsiyalarni ZOOM dasturi orqali onlayn shaklda oʻtkazish tartiblari ham ishlab chiqildi.  

Mazkur yangi tartib shu yil sentyabr oyidan boshlab sinov tariqasida vrach va farmatsevtlarga, 2024-yil 1-yanvardan boshlab esa barcha tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga bosqichma-bosqich tatbiq etiladi.  

ZOOM dasturi orqali ogʻzaki imtihon (suhbat) oʻtkazish Toshkent shahri va viloyati uchun Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi binosida zarur qurilmalar bilan jihozlangan xonalarda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyatlardagi mutaxassislar uchun markazning hududlardagi ana shunday xonalarida oʻtkaziladi.  

Imtihon jarayonida talabgor uchun “Random“ dasturi orqali tasodifiy tarzda bilet tanlanadi.  

Biletlar 5 ta savoldan iborat boʻlib, ularga javob berish uchun koʻpi bilan 15 daqiqa vaqt beriladi va 10 ballik tizimda baholanadi.  

Imtihon yakunida “Random“ dasturi umumiy ballarning oʻrtacha qiymatini hisoblab beradi va oʻsha zahoti eʼlon qiladi.  

SSV matbuot xizmatining maʼlum qilishicha, vazirlik tomonidan bu jarayonlarni tashkil etishda texnik va dasturiy vositalar uzluksizligini taʼminlash boʻyicha masʼullarga zarur vazifalar yuklatildi.  

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech