15:17 (30.10.2023)
1315
“Grand Mir Hotel” mehmonxonasida "Sogʻlom avlod uchun" xalqaro xayriya fondi tashkil etilganligining 30 yilligi munosabati bilan "Sogʻlom avlod-sogʻlom millat" mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Konferensiyada fondning mahalliy va xorijiy hamkorlari, davlat va nodavlat tashkilotlar vakillari, ommaviy axborot vositalari xodimlari, jurnalistlar ishtirok etdi.
“Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi nodavlat jamoat tashkiloti boʻlib, 1993-yil 23-aprel kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Farmoniga binoan tashkil topgan.
Fondning maqsadi va vazifalari jismonan baquvvat, maʼnan yetuk, ruhan tetik farzandlar tarbiyalashni yoʻlida onalik va bolalikni muhofaza qiluvchi tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish va hamkorlik olib borishdan iboratdir. Shuningdek, Respublikamizdagi eng chekka hududlarda istiqomat qiluvchi aholi qatlamini yanada tibbiy-ijtimoiy himoya bilan qamrab olish, oilalarda sogʻlom farzand tugʻilishi va tarbiyalanishi, ularning tibbiy psixologiyasini shakllantirish uchun yuksak masʼuliyat bilan uzluksiz ishlarni amalga oshirmoqda. Jumladan, Respublikamizda olis, borish qiyin boʻlgan tumanlar aholisiga tibbiy-ijimoiy patronaj tizimini yaratish, “Salomatlik” poyezdlarini tashkil etish, murakkab tibbiy operatsiyalar oʻtkazilishiga muhtoj bolalarni yetakchi xorijiy klinikalarga davolanishga joʻnatish, turli ijtimoiy festivallar, tanlovlar, sport musobaqalari hamda yosh avlodni jismoniy, maʼnaviy va aqliy rivojlanishiga xizmat qiluvchi koʻplab tadbirlar, loyihalarni alohida qayd etib oʻtish lozim.
Konferensiyada “Sogʻlom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi Boshqaruv raisi Svetlana Inamova mahalliy tashkilotlar, xususan “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasi bilan hamkorligini alohida eʼtirof etdi.
Konferensiya doirasida fond hamkorlarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi. “Dori-Darmon” aksiyadorlik kompaniyasining rivojlantirish va investitsiya direktori Bahodir Masharipovga ham xalqaro xayriya fondining "30 yil” esdalik statuetkasi topshirildi.