14:50 (05.11.2024)

421

Qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga insulinning tungi dozasini hisoblashga yordam beradigan tizim yaratildi

Moskva davlat universiteti mutaxassislari sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari yordamida I- turdagi qandli diabet bilan og‘rigan bemorlarga insulinning tungi dozasini aniq hisoblashga yordam beradigan tizimni ishlab chiqdilar. Bu haqda universitet matbuot xizmati xabar berdi.

"MDUning "Miya, kognitiv tizimlar, sun’iy intellekt" ilmiy-ta’lim maktabi vakillari I- turdag qandli diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun prolongatsiyalangan (tungi) insulinning optimal dozalarini hisoblashning yangi usulini taklif qilishdi. Sun’iy intellekt usullaridan foydalangan holda ishlab chiqilgan tizim davolash aniqligini oshiradi va gipoglikemiya hamda giperglikemiya xavfini kamaytiradi," - deyiladi universitet xabarida.

Qandli diabetning I- turi surunkali kasallik bo‘lib, qondagi qand miqdorini doimiy nazorat qilish va insulinni inyeksiya qilishni talab qiladi. Dozalashdagi xatolar hayot uchun xavfli holatlarga olib kelishi mumkin. Insulin hajmini hisoblash har bir odamning individual xususiyatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi. Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan tizim glyukoza darajasining o‘zgarishi va bemor tomonidan ilgari qilingan inyeksiyalar hajmi haqidagi ma’lumotlardan foydalangan holda tungi dozalarni hisoblab beradi.

Taklif etilayotgan sun’iy intellekt modelini qondagi glyukoza darajasini monitoring qilish uchun mobil ilovalarga integratsiya qilish mumkin. Usul bir nechta neyron tarmoq arxitekturalariga asoslangan bo‘lib, ular tizimga tibbiy ma’lumotlardan o‘rganish va aniq dozalash imkonini beradi.

Mualliflar tadqiqotning keyingi bosqichlarida insulin sezuvchanligiga ta’sir qiluvchi preparatni qabul qilish arafasida jismoniy yuklamani hisobga olish, shuningdek, uzoq muddat ta’sir qiluvchi insulinning yuqori dozalarini qabul qilish tufayli Somodji sindromini bashorat qilish qobiliyati kabi parametrlarni qo‘shish orqali tizimni takomillashtirish imkoniyatlarini o‘rganishni maqsad qilgan.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech