09:04 (09.10.2023)

1106

SSV: Chet el fuqarosi boʼlgan va fuqaroligi boʼlmagan tibbiyot xodimlari ham malaka toifasini olishi mumkin

Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʼtkazish va ularga malaka toifalari berish boʼyicha davlat xizmatlarini koʼrsatishning maʼmuriy reglamenti tasqidlangan.

Mazkur hujjat tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini attestatsiyadan oʼtkazish va ularga malaka toifalari berish boʼyicha davlat xizmatlarini koʼrsatish tartibini belgilaydi.

Ushbu jarayonni tashkil etish boʼyicha Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi direktori Sanjar Sharipov maʼlumot berdi.

— Malaka toifalari Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining malakasini baholash markazi tomonidan tashkiliy-huquqiy shakli hamda idoraviy boʼysunuvidan qatʼi nazar:

- tibbiyot va farmatsevtika faoliyati bilan shugʼullanuvchi barcha tashkilotlarda faoliyat yuritadigan shifokorlar, farmatsevtlar;

- “Oliy hamshiralik ishi” mutaxassisligiga ega boʼlgan hamshiralar, oʼrta tibbiyot va oʼrta farmatsevtika xodimlari;

- Oʼzbekiston Respublikasi hududidagi tibbiyot va farmatsevtika tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʼlmagan shaxslarga beriladi.

Shifokor va farmatsevtlar har besh yilda bir marta malaka toifasini berish boʼyicha navbatdagi majburiy attestatsiyadan oʼtkaziladi.

Ilgari attestatsiyadan oʼtmagan va ishga yangi qabul kilingan shifokorlar hamda farmatsevtlar yoki oliy taʼlim tashkilotlarini bitirib, birinchi bor ishga kirgan shifokor va farmatsevtlar mutaxassisligi boʼyicha uch yil ish stajiga ega boʼlgandan soʼng malaka toifasini berish maqsadida majburiy attestatsiyadan oʼtkaziladi.

Shifokor va farmatsevtlar malaka toifasini berish boʼyicha majburiy attestatsiyaga oʼz muddatida jalb etilishi uchun shifokor va farmatsevtlar faoliyat koʼrsatayotgan tashkilot rahbari shaxsan javobgar hisoblanadi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech