08:56 (04.07.2023)
2528
Yurtimizda yil boshidan beri sogʼliqni saqlash, farmatsevtika, raqamlashtirish, tibbiy taʼlim, ilm-fan va yuqori texnologiyalarni amaliyotga joriy etish kabi yoʼnalishlarda ilgʼor xorijiy davlatlarning universitetlari, yetakchi klinikalari bilan hamkorlikda xalqaro forumlar tashkil etib kelinmoqda.
Shunday nufuzli anjumanlardan biri 2023 yil oktyabr oyida Oʼzbekiston va Xitoy tibbiyot sohasi vakillari oʼrtasida oʼtkazilishi kutilmoqda.
Mazkur tadbirning debochasi sifatida Shinjon tibbiyot universiteti qoshidagi anʼanaviy xitoy tabobati gospitalining bir guruh vakillari Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga tashrif buyurdi.
Safar doirasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Muloqotda ortopedik kasalliklar bilan ogʼrigan bemorlarni xitoy xalq tabobati usullaridan foydalangan holda davolash boʼyicha mahorat saboqlarini tashkil etish, oʼzaro tajriba almashish, tadqiqot va maslahatlashuvlar oʼtkazish maqsadida mutaxassislar almashinuvi yuzasidan ikki tomonlama kelishuvga erishildi.
Uchrashuv nihoyasida xitoylik mutaxassislar oktyabrь oyida Toshkent shahrida oʼtkaziladigan Oʼzbekiston – Xitoy tibbiyot forumida qatnashish uchun taklif etildi.
Maʼlumot uchun, Urumchi shahrida joylashgan Shinjon tibbiyot universiteti qoshidagi anʼanaviy xitoy tabobati gospitali davolash, oʼqitish, ilmiy tadqiqotlar olib borish, profilaktika va reabilitatsiyaga ixtisoslashgan uchinchi darajali shifoxona hisoblanadi.
Muassasa anʼanaviy xitoy tibbiyoti boʼyicha milliy klinik tadqiqot bazalaridan biri boʼlib, 3500 oʼrinli 101 ta klinik-tibbiy-texnologik boʼlim, 2 ta asosiy laboratoriya, 3 ta poliklinika, 2 ta filialga ega.