09:00 (13.09.2024)

667

Omega-3 ni kimlar ehtiyotkorlik bilan qabul qilishi kerak?

Hozirgi kunda omega-3 yogʻ kislotalarining tanqisligi keng tarqalgan muammodir. Baʼzi tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki, gʻarb mamlakatlarida 70-80 foizgacha odamlar oziq-ovqat orqali ushbu muhim ozuqa moddalarini yetarli miqdorda qabul qilmaydi.

Rossiyalik trixolog Anna Averkina omega-3 shunchaki moda emas, balki zarur qoʻshimcha ekanligi haqida soʻz yuritadi. Organizmda omega-3 yetishmasligi teri va soch qurishiga olib kelishi mumkin, bu koʻpincha soch sinishi va toʻkilishi bilan birga kechadi.

“Omega yetishmasligi ekzema va psoriaz kabi terining yalligʻlanish holatlarini kuchaytiradi. Tirnoq moʻrtlashishi va sekin oʻsishi ham omega-3 yetishmovchiligi bilan bogʻliq boʻlishi mumkin”, deya tushuntiradi u.

Shifokorning soʻzlariga koʻra, omega-3 ruhiy salomatlikni saqlashda muhim rol oʻynaydi, ushbu modda yetishmasligi esa depressiyaga sabab boʻlishi mumkin. Bundan tashqari, omega-3 tanqisligi yurak-qon tomir kasalliklari xavfini oshiradi, chunki ular xolesterin va qon bosimini meʼyorda ushlab turishga yordam beradi.

“Omega-3 ning tavsiya etilgan sutkalik dozasi yosh, jins va salomatlik holatiga qarab oʻzgaradi. Kattalarga kuniga 250-500 mg ga yaqin EPA va DHA (dokozageksayen va eykozapentayen kislotalari) kombinatsiyasini isteʼmol qilish tavsiya etiladi. Aniq tibbiy koʻrsatmalarga ega boʻlgan odamlar yoki homilador ayollar uchun doza yuqori boʻlishi mumkin, ammo bunda shifokor bilan maslahatlashish kerak”, deydi ekspert.

Koʻp hollarda omega-3 ni doimiy ravishda qabul qilish mumkin. Buning sababi shundaki, ular organizm mustaqil ravishda sintez qila olmaydigan va tashqi manbalardan olishi kerak boʻlgan asosiy oziq moddalardir. Biroq bunda ham bir nechta jihatlarni hisobga olish kerak.

“Simob va boshqa toksinlardan tozalangan, ayniqsa, baliqdan tayyorlangan sifatli omega-3 qoʻshimchalarini tanlang. Tavsiya etilgan dozaga rioya qilish ham muhim. Haddan tashqari yuqori dozalar qonni suyultirishi va boshqa nojoʻya taʼsirlarni keltirib chiqarishi mumkin. Ularni uzoq vaqt qabul qilishni boshlashdan oldin har doim shifokor bilan maslahatlashish kerak”, deya qoʻshimcha qiladi u.

Mutaxassisning taʼkidlashicha, omega-3 ayniqsa bolalarda miya va koʻrish qobiliyatining rivojlanishi uchun muhimdir. Tanqislik diqqatni jamlash va oʻqish bilan bogʻliq muammolarga olib kelishi mumkin. Omega-3 homila va chaqaloq asab tizimining toʻgʻri rivojlanishi uchun zarur. Homiladorlik va emizish paytida omega-3 shakllaridan biri boʻlgan DHA ni koʻpaytirilgan miqdorda qabul qilish tavsiya etiladi.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech