14:46 (16.03.2023)
2632
Suyak saratoni bemorning tayanch aʼzolariga taʼsir qiluvchi xavfli oʼsmalar guruhi boʼlib, asosan bolalarda aniqlanadi. Hozir dunyo boʼyicha yiliga 52 mingga yaqin kishiga ushbu xastalik tashxisi qoʼyilmoqda.
Eng yomoni, ayni paytda uni davolash vositalari juda cheklangan. Muolaja jarayonida asosan kimyo va radioterapiya, shuningdek, amputatsiyagacha boʼlgan jarrohlik aralashuvlaridan foydalanilyapti.
Biroq suyak saratoniga chalinganlarning besh yil ichida omon qolish darajasi atigi 42 foizni tashkil etmoqda. Bu, oʼsimta tez rivojlanib, birinchi navbatda, oʼpka va miyaga taʼsir koʼrsatishi bilan bogʼliq.
Shu bois Buyuk Britaniyaning Sharqiy Аngliya universiteti tadqiqotchilari yangi davolash usulini ishlab chiqdi. Olimlar yaratgan CADD522 preparati saraton metastazlarining tarqalishiga aloqador boʼlgan RUNX2 genini blokirovka qilishga xizmat qiladi.
Bu yangilik laborator sinovlarda suyak saratoni implantatsiya qilingan sichqonlarning omon qolish darajasini 50 foizga oshirdi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, mazkur davolash usuli kimyoterapiyaga nisbatan organizmga kamroq zarar yetkazadi. Soch toʼkilishi va ovqat hazm qilish muammolari kabi toksik yondosh asoratlarga olib kelmaydi.
Dastlabki sinovlarda CADD522ning birlamchi suyak saratoni muolajasida samarali ekanligi tasdiqlandi. Endi yangi ixtiro insonlarda klinik bosqichda sinab koʼrilishi kutilmoqda.