15:22 (24.08.2023)
1220
Vazirlar Mahkamasining 19.08.2023-yildagi “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga giyohvandlik vositalari va kuchli taʼsir qiluvchi moddalarning muomalada boʻlishi yuzasidan nazoratni yanada takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 399-son qarori qabul qilindi.
Qarorga koʻra, “Tapendol” giyohvandlik vositasining noqonuniy savdosi hamda isteʼmolini oldini olish maqsadida, Oʻzbekiston Respublikasida muomalada boʻlishi cheklangan giyohvandlik vositalarining roʻyxatiga kiritildi.
Bundan tashqari, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar muomalasi bilan bogʻliq nazoratni kuchaytirish hamda ularni oʻtkazishda tegishli tarzda bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish maqsadida ularga TIF TN kodlari biriktirilmoqda.
Ma’lumot uchun, “Tapentadol” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi bo‘lib, tibbiyotda o‘rtacha va og‘ir intensivlikdagi o‘tkir hamda surunkali og‘riq sindromida, operatsiyadan so‘ng va og‘riqli diagnostika jarayonlarida qo‘llanadi. Mazkur dori vositasini muntazam iste’mol qilish qaramlikni shakllantiradi.
Uni notibbiy maqsadlarda suiiste’mol qilish nafas olish tizimining buzilishi, bosh miya shikastlanishi va ruhiy tushkunlikka tushish, anamnez holatida talvasa sindromi, jigar yetishmovchiligi, o‘t qopi patologiyasi va o‘tkir pankreatit, qon bosimining tushish holatlarini keltirib chiqaradi.
2014 yilda BMTning giyohvandlik bo‘yicha ekspertlar qo‘mitasi tomonidan “Tapentadol” dori vositasining nazoratini kuchaytirish bo‘yicha bir qator tavsiyalar berilgan. Shuningdek Rossiya, Buyuk Britaniya, Kipr, Estoniya, Finlyandiya, Gretsiya, Latviya, Ispaniya va boshqa davlatlarda “Tapentadol” dori vositasi milliy nazorat ostiga olingan ro‘yxatlarga kiritilgan.