09:00 (21.08.2024)
589
Saraton bilan kasallanish xavfini oshiruvchi yana bir omil aniqlandi
Tatuirovkalar butun dunyoda bir necha oʻn yillar oldingiga qaraganda hozir ancha keng tarqalgan. Ammo ular mashhurligining global oʻsishi bilan bir qatorda, jahon boʻylab limfa tizimining saratoni boʻlgan limfoma bilan kasallanish holatlarining oʻsishi ham kuzatildi. Shvetsiyadagi Lund universiteti tadqiqotchilari yangi tadqiqotda bu ikki oʻsish oʻrtasidagi aloqadorlikni tekshirishdi.Natijalar eClinicalMedicine jurnalida chop etildi.
Limfa immun tizimining bir qismidir. U organizmdagi suyuqlik muvozanatini saqlaydi va infeksiyalardan himoya qiladi. Limfa tizimini zararlovchi saratonning ikkita asosiy turi mavjud: barcha limfomalarning taxminan 90 foizini tashkil etadigan Xojkin boʻlmagan limfoma (XBL) va Xojkin limfomasi. XBLning 40 ga yaqin kichik turlari mavjud boʻlib, ular oʻsish va tarqalish surʼatlari bilan farq qiladi. XBL saratonning eng keng tarqalgan turlaridan biri boʻlib, har qanday yoshda paydo boʻlishi mumkin.
Tadqiqotchilar 11 905 kishini qamrab olgan, milliy reestrlardan olingan maʼlumotlarni tahlil qilishdi. Ulardan 20 yoshdan 60 yoshgacha boʻlgan 2938 kishi limfoma bilan kasallangan, 1398 kishi soʻrovni yakunlagan boʻlsa, nazorat guruhidagi ishtirokchilar soni 4193 kishini tashkil etdi. Limfoma bilan ogʻrigan guruhda 21 foiz (289 kishi) tatuirovka qilingan, limfoma tashxisi boʻlmagan nazorat guruhida (735 kishi) 18 foiz tatuirovka qilingan.
Tadqiqotchilar bir qator muhim omillarni, xususan, chekish va yoshni hisobga olgan holda limfoma bilan ogʻrigan odamlarni ushbu kasallikka duchor boʻlmagan nazorat guruhidagi odamlar bilan solishtirishdi. Tatuirovkasi boʻlgan odamlarda tatuirovkasizlarga qaraganda limfoma rivojlanishi ehtimoli 21 foizga koʻp ekanligi aniqlandi.
Tadqiqot shuni koʻrsatdiki, tatuirovka kattaligidan qatʼiy nazar saraton bilan kasallanish xavfi saqlanib qoladi. Oldingi tadqiqotlar shuni koʻrsatgan ediki, tatuirovka siyohining zarralari limfa tugunlarigacha oʻtishi mumkin.
Tadqiqotchilar endi tatuirovka va saratonning boshqa turlari, shuningdek, yalligʻlanish kasalliklari oʻrtasidagi bogʻliqlikni oʻrganib chiqishadi.