18:00 (07.10.2024)
447
Amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkan mikroRNKni kashf qilgani uchun bu yilgi mukofot bilan taqdirlandi.
Fiziologiya va tibbiyot boʻyicha 2024-yilgi Nobel mukofoti amerikalik olimlar Viktor Ambros va Geri Ravkanga berildi.
Olimlar “mikroRNKni kashf qilgani va genlar ekspressiyasining transkripsiyadan keyingi boshqaruvida ularning rolini oʻrgangani uchun” Nobel bilan taqdirlandi.
Ambros va Ravkan ishlarining katta qismi molekulyar biologiya va genetikaga bagʻishlangan. Ular 1993-yilda mikroRNKni kashf etgan. Ularning tadqiqotlari natijalari klonlash va sekvenirlash rivojlanishiga turtki boʻldi, deyiladi Nobel mukofoti saytida.
MikroRNK — ribonuklein kislotasining qisqa molekulalaridan iborat alohida sinf boʻlib, boshqa molekulalar qatori koʻplab genlarning faolligini belgilaydi. Koʻp hollarda organizmning u yoki bu hujayralarida maʼlum bir genning faollashishi aynan mikroRNKga bogʻliq boʻladi.
2023-yilda tibbiyot sohasida Nobel mukofoti Katalin Kariko va Dryu Vaysmanga “COVID-19 ga qarshi samarali mRNK-vaksinalarni ishlab chiqishga imkon bergan nuklein kislotalar asoslarini modifikatsiya qilish sohasidagi kashfiyotlari” uchun topshirilgandi.
Fiziologiya va tibbiyot sohasidagi mukofot sovrindorlarining eʼlon qilinishi Nobel haftaligiga start berdi. 8-oktyabrda fizika, 9-oktyabrda kimyo, 10-oktyabrda esa adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti gʻoliblarining nomlari maʼlum boʻladi.
11-oktyabr kuni Osloda tinchlik mukofoti sovrindori eʼlon qilinadi, 14-oktyabrda esa iqtisodiyot boʻyicha mukofot gʻolibi aniqlanadi.
Nobel mukofotining har bir kategoriyasi uchun 11 million shved kronasi tadqim etiladi. Bu bir million dollardan biroz koʻproq.