10:13 (07.09.2023)

1923

Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʼarmasi tashkil etiladi

Yangi farmon asosida 2024 yil 1 yanvardan Sogʼliqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilarni birlashtirish orqali yuridik shaxs maqomiga ega boʼlmagan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʼarmasi tashkil etiladi:

◊ Onkogematologik va davolash qiyin boʼlgan kasalliklarga chalingan bemorlarni sogʼlomlashtirishga koʼmaklashish jamgʼarmasi;

◊ Tez tibbiy yordamni rivojlantirish jamgʼarmasi;

◊ Iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʼllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish jamgʼarmasi;

◊ Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʼyilgan bemor bolalarni qoʼllab-quvvatlash jamgʼarmasi.

Yangi jamgʼarma mablagʼlari qanday shakllantiriladi?

◊ Prezidentimiz farmoniga muvofiq, quyidagilar 2024 yil 1 yanvardan Tibbiyotni rivojlantirish davlat maqsadli jamgʼarmasi mablagʼlarini shakllantirish manbalari etib belgilandi:

• Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan 350 milliard soʼm miqdoridagi mablagʼlar;

• spinal mushak atrofiyasi tashxisi qoʼyilgan bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam koʼrsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish xarajatlari uchun Davlat byudjetidan ajratiladigan mablagʼlar;

• iqtidorli va malakali tibbiyot mutaxassislarini qoʼllab-quvvatlash hamda tibbiyot muassasalariga jalb qilish uchun Davlat byudjetidan har yili ajratiladigan 50 milliard soʼm miqdoridagi mablagʼlar;

• Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasalar va tashkilotlarning boʼsh turgan binolari, koʼchmas mulk obʼektlari va yer uchastkalarini ommaviy savdolar (auktsion)da sotishdan tushadigan mablagʼlarning respublika byudjetiga oʼtkaziladigan 50 foizi;

• Sogʼliqni saqlash vazirligi tizimidagi muassasa va tashkilotlarning mol-mulkini ijaraga berishdan tushadigan tushumlarning, Davlat mulki obʼektlaridan samarali foydalanish markazining operatsion xarajatlarini chegirib tashlagan holda, mahalliy byudjetlarga oʼtkaziladigan 100 foizi;

• xalqaro moliya institutlarining, hukumat va nohukumat tashkilotlarning grantlari va texnik koʼmak mablagʼlari;

• Gʼaznachilik xizmati qoʼmitasi tomonidan Tibbiyotni rivojlantirish jamgʼarmasining vaqtincha boʼsh mablagʼlarini tijorat banklari depozitlariga joylashtirishdan olinadigan daromadlar;

• jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;

• qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech