16:48 (05.01.2023)
2573
Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent viloyatida (Oʻrtasaroyda) ”Dok-1 Maks“ dori vositasini isteʼmol qilgan 2 yoshli bola vafot etdi”, degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda.
Ushbu xabar yuzasidan Toshkent viloyati Sogʻliqni saqlash boshqarmasi quyidagilarni maʼlum qiladi:
Hozirgi kungacha Respublika shoshilinch tez tibbiy yordam ilmiy markazining Toshkent viloyati filialiga “DOK-1 MAKS siropi” isteʼmoli natijasida zaharlanish belgilari bilan 9 nafar bola olib kelingan. Ulardan 5 nafari sogʻayib, uyiga qaytarildi, 4 nafarining ahvoli esa barqaror holatda, ularga tegishli standartlar asosida muolajalar davom ettirilmoqda.
Shuni qayd etish kerakki, Toshkent viloyatidagi sogʻliqni saqlash muassasalarida shu paytgacha “DOK-1 MAKS” preparatidan zaharlanish tufayli oʻlim holati kuzatilmagan.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, hozirda hududlardagi barcha dorixonalarda huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari va tuman-shahar tibbiyot birlashmalari xodimlari tomonidan oʻrganish olib borilib, “Quramax” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan dori vositalari yigʻishtirib olingan.
Aholi orasida dori-darmonlarni shifokor koʻrsatmasisiz, palapartish isteʼmol qilishning salbiy oqibatlari boʻyicha shifokor va patronaj hamshiralari tomonidan uyma-uy yurib, tushuntirish olib borilmoqda. Bu jarayonda xonadonlardagi shaxsiy dori qutilari ham koʻzdan kechirilmoqda.