09:01 (13.11.2024)
449
Tahlillarga ko‘ra, o‘tgan asrning 40-yillariga qadar dunyo bo‘yicha dori-darmonlar bilan davolash asoratlaridan bor-yo‘g‘i 0,5-1,5 foiz bemorlar aziyat chekkan. Hozirga kelib bu ko‘rsatkich 15-30 foizni tashkil qilmoqda. Dori allergiyasining og‘ir asoratlari, xususan, Layella sindromini keltirib chiqarishi bilan xavfli.
Avstraliyaning Uolter va Yeliza Xoll instituti saytida e’lon qilingan bayonotga ko‘ra, avstraliyalik va nemis olimlari dunyoda birinchi bo‘lib Layella sindromini davolash usulini topdilar.
Layella sindromi yoki toksik epidermal nekroliz (TEN) - bu yuqori isitma, terining yuqori qatlamlari po‘stlog‘ining jarohatlanishi va og‘riqli pufakchalar bilan tavsiflanadigan og‘ir teri reaksiyasi. Ushbu kasallikdan o‘lim darajasi taxminan 30% ni tashkil qiladi.
Asosan tananing ayrim dori-darmonlarga individual reaksiyasi tufayli yuzaga keladigan Layella sindromida badandagi pufaklar yorilgach, suyuqlik tarkibidagi erigan tuz va oqsillar bug‘lanadi. Oqibatda tana suvsizlanib, qon quyuqlashadi, natijada qon aylanishi buzilib, yurak, o‘pka va buyraklar faoliyati yomonlashadi. Gipertenziya, taxikardiya, yurak va nafas yetishmovchiligi kuzatiladi. Peshob hosil bo‘lishi va zaharli moddalarning organizmdan chiqarilishi to‘xtaydi. Bundan tashqari, terining toshmalardan jarohatlangan joylariga virus va bakteriyalar oson o‘rnashib, boshqa xavfli kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Avstraliya instituti bayonotiga ko‘ra, tadqiqot Germaniyaning Max Planck biokimyo instituti bilan hamkorlikda o‘tkazildi. Olimlar kasallikka chalingan yetti nafar bemorning teri namunalarini tahlil qilishdi va ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda “alohida hujayralarni kattalashtirish va ularni batafsil o‘rganish, bu halokatli kasallikni keltirib chiqaradigan minglab oqsillar xaritasini yaratishga muvaffaq bo‘lishdi”. Bu hujayralar bo‘linishi va immunitet reaksiyalari uchun mas’ul bo‘lgan JAK/STAT signal yo‘lining giperaktivligini aniqladi va "bu halokatli holatga aralashish imkoniyatini ochadi".
Qayd etilishicha, klinikadan oldingi sinovlar ijobiy natijalar bergan. Va bu yangi davolash usulini yetti nafar bemorda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazish imkonini bergan. Keyingi bosqich klinik sinovlar va TENni davolashning yangi usuli sifatida sertifikatlashni o‘z ichiga oladi.