Yangiliklar

not found

Plastik buyumlar tarkibidagi kimyoviy moddalar erta tug‘uruqqa sabab bo‘ladi — tadqiqot

Olimlar kundalik hayotimizda keng qo‘llanadigan plastik buyumlar tarkibidagi kimyoviy moddalar va muddatidan oldin tug‘ilishlar o‘rtasidagi bog‘liqlikni aniqladi. Bu haqda NYU Langone Health tadqiqotchilari o‘tkazgan yangi izlanishga tayanib Euronews xabar berdi. Tadqiqotga ko‘ra, DEHP (di-2-etilgeksilftalat) deb ataladigan toksin dunyo bo‘ylab qariyb 2 millionta muddatidan oldin tug‘ilish holatiga sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Mazkur modda kosmetika vositalari, yuvish vositalari, hasharotlarga qarshi preparatlar va boshqa ko‘plab maishiy mahsulotlar tarkibida uchraydi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, birgina 2018-yilning o‘zida ushbu modda ta’siri tufayli 1,97 million chaqaloq vaqtidan oldin tug‘ilgan va qariyb 74 ming go‘dak vafot etgan. Plastik qanday qilib tug‘uruqni tezlashtiradi? Mutaxassislarning tushuntirishicha, ftalatlar homiladorlikni tartibga soluvchi gormonlar faoliyatini buzadi. Bu esa yo‘ldoshda yallig‘lanish va stressni keltirib chiqarib, tug‘uruq jarayonining muddatidan oldin boshlanishiga turtki bo‘ladi. Eng ko‘p zarar ko‘rayotgan hududlar Tadqiqot dunyoning 200 dan ortiq davlatidagi ma’lumotlarni qamrab olgan. Ma’lum bo‘lishicha, DEHP ta’sirining yarmidan ko‘pi Yaqin Sharq va Janubiy Osiyo davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda. Bu ushbu hududlarda sanoatlashuvning tezlashgani va plastikdan foydalanish darajasi yuqoriligi bilan izohlanadi. Afrikada esa holatlar soni kamroq bo‘lsa-da, tibbiy xizmat sifatining pastligi sababli chaqaloqlar o‘rtasida o‘lim ko‘rsatkichi ancha yuqori. Muammo nimada? Olimlar bir xavfli moddaning o‘rniga boshqasini (masalan, DiNP) qo‘llash muammoni hal qilmasligini ta’kidlamoqda. Foydalanishga kiritilgan yangi moddalar ham xuddi shunday salbiy oqibatlarga olib kelishi mumkin. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 37 haftadan oldin tug‘ilgan bolalarda umr davomida o‘rganish va rivojlanish bilan bog‘liq muammolar uchrash xavfi yuqori bo‘ladi. Muddatidan oldin tug‘ilish dunyoda go‘daklar o‘limining asosiy sabablaridan biri bo‘lib qolmoqda.

  • 9 Aprel, 14:00
  • Batafsil
not found

Nutrients: qonda magniy miqdorining pastligi diabetda ko‘rish qobilyatining pasayish xavfini oshiradi

Qonda magniy miqdorining pastligi qandli diabetning eng ko‘p uchraydigan asoratlaridan biri — diabetik retinopatiya rivojlanishi bilan bog‘liq ekanligi aniqlandi. Bu holatda ko‘zning tor yopilgan qon tomirlari zararlanadi. Bu Saudiya Arabistonidagi Qirol Abdul-Aziz universiteti tadqiqotchilari tomonidan erishilgan xulosa. Tadqiqot natijalari Nutrients jurnalida e’lon qilindi. Olimlar 17 ta tadqiqot ma’lumotlarini tahlil qilishdi, unda 2200dan ortiq kishi ishtirok etgan. Natijada, diabetik retinopatiyasi bo‘lgan bemorlarda qonidagi magniy miqdori diabetik retinopatiyasiz bemorlarga nisbatan sezilarli darajada past ekanligi aniqlandi. Shuningdek, bu bog‘liqlik tadqiqot o‘tkazilgan hudud yoki o‘lchov usulidan qat’iy nazar saqlanishi aniqlandi. Qo‘shimcha tahlillar shuni ko‘rsatdiki, magniy yetishmovchiligi diabetik retinopatiyaning og‘irroq — proliferativ shaklida ko‘proq nomoyon bo‘ladi. Bu magniy darajasi nafaqat kasallik paydo bo‘lish xavfi bilan, balki uning rivojlanishi bilan ham bog‘liqligini ko‘rsatadi. Tadqiqotchilar ta’kidlashicha, magniy insulin ishlashi, energiya almashinuvi va qon tomirlarini himoya qilishda muhim ahamiyatga ega. Uning yetishmasligi oksidlovchi stressni, yallig‘lanishni va ko‘zning to‘r pardasi tomirlariga zarar yetkazishni kuchaytirishi va oxir-oqibat asoratlar rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkin. Tadqiqot mualliflarining fikriga ko‘ra, magniy darajasi diabetik retinopatiya uchun potensial xavf belgisi deb hisoblanishi mumkin. Ularning fikricha, keyingi tadqiqotlar magniy yetishmovchiligini tuzatish diabet bilan og‘rigan bemorlarda ushbu asoratni rivojlanish ehtimolini kamaytirishi mumkinligini tushunishga yordam beradi.

  • 8 Aprel, 09:00
  • Batafsil
not found

Amir Temurning shaxsiy shifokori kim bo‘lgan?

Sohibqiron Amir Temur davrida Turon zaminida barcha sohalar qatori tibbiyot ham taraqqiy etgan. Tarix fanlari nomzodi Ma’mura Sulaymanova Amir Temur va temuriylar davrida faoliyat yuritgan tibbiyot muassasalari va tabiblar haqida ma’lumot berdi. Uning ta’kidlashicha, Amir Temur davrida har bir shaharda shifoxona bo‘lgan, ularda bilimli va tajribali tabiblar ishlagan. Jumladan, Samarqandda “Dor ush-shifo” nomli yirik kasalxona bo‘lib, unga o‘z zamonasining taniqli tabibi Mir Sayyid Sharif Sheroziy rahbarlik qilgan. Bu davrda mamlakatda Xisomiddin Ibrohim Kirmoniy, Mavlono Fayzulloh Tabriziy, Mansur ibn Muhammad kabi yirik tabiblar yashab o‘tgan. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, Mavlono Fayzulloh Tabriziy Amir Temurning shaxsiy tabibi bo‘lgan. U Sohibqironning barcha safarlarida birga bo‘lar edi. Amir Temur hakimlar, tabiblar, munajjimlar va muhandislarni saltanat korxonasiga rivoj beruvchilar, deb atagan. “Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “Hakimlar va tabiblar bilan ittifoqda bemorlarni davolatar edim”. Bundan ko‘rinadiki, Temur qo‘shinlarida yarador va bemor jangchilarni davolovchi shifokorlar bo‘lgan. Mirzo Ulug‘bek davrida esa tabiblar o‘rtasida mohir jarrohlar ham bor edi. Ulardan biri — Tojiddin Hakim ancha murakkab operatsiyalarni ham qilgan. Masalan, ko‘z kataraktasini jarrohlik yo‘li bilan muvaffaqiyatli davolagan. Bu tabib operatsiyadan oldin jarrohlik asboblarini olov ustida qizdirib olib, so‘ng ishlatgan. Amaliyot vaqtida esa qo‘lini tez-tez mayda qilib to‘g‘ralgan piyozga botirib olarkan. Ma’lumki, piyozda mikroblarni o‘ldiruvchi fitotsidlar bo‘ladi. O‘tda qizdirilgan asbob esa tamomila mikrobdan holi bo‘ladi (sterilizatsiyalanadi). Bu jihatdan, Tojiddin Hakimni O‘rta Osiyoda antiseptika usulining asoschisi, desa bo‘ladi.

  • 7 Aprel, 12:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech