09:00 (20.09.2024)
741
Yuqori qon bosimi yoki gipertenziya zamonaviy jamiyatdagi eng keng tarqalgan tibbiy muammolardan biridir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 1,5 milliarddan ortiq inson ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda.
Qon bosimi - bu qonning qon tomirlari devorlariga ta’sir qiladigan bosimi. Boshqacha qilib aytganda, qon aylanish tizimidagi suyuqlik bosimining atmosfera bosimidan oshib ketishi. U simob millimetrida o‘lchanadi va u ikkita ko‘rsatkichdan iborat:
1. Sistolik bosim (yuqori) - yurak qisqarishi va qon tomirlarga urilgan paytdagi bosim darajasi. 2. Diastolik bosim (pastki) - yurak qisqarishlari oralig‘ida bo‘shashgan paytdagi bosim darajasi.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, yuqori qon bosimi turli kasalliklar va holatlarni keltirib chiqaradi, jumladan:
Insult. Gipertenziya miyadagi qon tomirlarining shikastlanishi tufayli insult xavfini oshiradi.
Yurak kasalliklari. Yuqori qon bosimida ko‘proq yurakka og‘irlik tushadi, bu esa yurak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Buyrak muammolari. Surunkali qon bosimi buyrak kasalligiga va hatto buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Qon tomir shikastlanishi. Yuqori qon bosimi arteriya devorlariga zarar yetkazadi, bu esa aterosklerozning rivojlanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Agar sizda yoki yaqinlaringizda 2-bosqich gipertoniya belgilari (140/90 bosim yoki undan yuqori) bo‘lsa, u holda o‘zingiz mustaqil qon bosimini tushirishga urinmang, bu miokard infarkt yoki insult rivojlanishiga olib kelishi mumkin. Agar yuqori qon bosimini ko‘rsatadigan alomatlar paydo bo‘lsa, darhol tez yordam chaqirish kerak.
Uyda qon bosimini tushirishning 6 ta samarali usuli
Qon bosimi keskin ko‘tarilgan vaziyatda (yuqori ko‘rsatkichlar chegarasida, lekin xavf ko‘rsatkichida bo‘lmaganda), quyidagi usullardan foydalanish mumkin.
1. Nafas olish mashqlarini bajaring Asab tizimini tinchlantirish uchun chuqur nafas oling va nafas chiqaring. To‘rtgacha sanab buruningizdan nafas oling, nafasingizni yetti soniya ushlab turing va sakkiztagacha sanab og‘zingizdan sekin chiqaring. Ushbu mashqni 5-10 marta takrorlang. Nafas olish mashqlari bo‘shashish va stressni kamaytirishga yordam beradi, bu esa sezilarli darajada qon aylanishini yaxshilaydi hamda simpatik asab tizimini bostirish orqali qon bosimini pasaytiradi.
2. Yengil jismoniy mashqlar bajaring
Agar qon bosimingiz to‘satdan ko‘tarilsa, cho‘zilish kabi oddiy mashqlarni bajaring. Yengil jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilaydi, qon tomirlari devorlarini mustahkamlaydi va yurakning yanada samarali ishlashiga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida qon bosimini pasaytirishi mumkin.
3. Sovuq kompress qo‘llang 10-15 daqiqa davomida bo‘yin, bilaklar yoki peshonangizga sovuq kompress qo‘ying. Muzlatgichdan olingan yelim idishdagi sovuq suvdan yoki shunchaki muz bo‘laklarini mato bilan o‘rab foydalanish mumkin. Sovuq kompresslar qon tomirlarini bo‘shashtirishga yordam beradi, bu esa qon bosimining tez pasayishiga sabab bo‘ladi.
4. Bo‘yin va bosh qismini massaj qiling
Bo‘yin-bosh qismini yengil massaj qilish kerak. Ko‘zlar va chakkalarning ichki burchaklariga sekin bosib, quloqlarni cho‘zish ham yordam beradi. Qon aylanishini yaxshilash yurakdagi bosimni kamaytirishga va qon bosimini normallashtirishga yordam beradi.
5. Mushaklaringizni cho‘zing va bo‘shashtiring O‘rningdan turing va xonani bir oz aylanib chiqing. Barcha mushaklarni bo‘shashtirishga harakat qiling. Mushaklarni birma-bir torting va keyin bo‘shashtiring - oyoqdan boshlab, bosh bilan tugating. Mushaklarni bo‘shashtirish, ayniqsa stress tufayli zo‘riqish his qilganda umumiy ahvolni yaxshilashga va qon bosimini pasaytirishga yordam beradi.
6. Tinchlantiruvchi choy iching Yalpiz yoki moychechak (romashka) kabi o‘simlik choyidan foydalaning. Bir stakan issiq suv uchun bitta paketchali choy yetarli. 5-10 daqiqa qaynatib olishingiz va xoxishga ko‘ra asal qo‘shish mumkin. O‘simlik choylari tinchlantiruvchi ta’sirga ega va stressni yengishga yordam beradi, bu esa o‘z navbatida qon bosimini pasaytiradi. Yalpiz va moychechak kabi ba’zi o‘tlar qon bosimini tushirish xususiyatlari bilan mashhur.