12:00 (03.10.2024)
501
Koʻpchilik vitaminlarning foydalari haqida bolalikdan eshitgan. Siz vitaminlarni qabul qilishingiz kerak — bu ibora odamlarning ongida "vitaminlar" deb yozilgan har qanday qutilar taʼrifi boʻyicha foydali degan fikrni shakllantirdi. Biroq, bu toʻgʻri emas.
Shifokorlar qaysi ozuqaviy qoʻshimchalar foydasiz ekanligi haqida gapirdi.
Multivitamin komplekslar (Polivitaminlar)
Koʻpincha qoʻshimchalarga boʻlgan ehtiyoj avvaldan notoʻgʻri baholanadi. Ortiqcha vitaminlar esa ularning yetishmasligidan ham koʻproq zararli boʻlishi mumkin. Amerikalik tadqiqotchilar multivitamin komplekslar tanaga deyarli hech qanday foyda keltirmasligini aytmoqda. Doktor Devid Jenkins tadqiqot natijalariga koʻra, polivitaminlar oʻrniga muvozanatli ovqatlanish tartibini tatbiq etish koʻproq samara beradi. Buning uchun kundalik taomnomaga turli sabzavot, meva va yongʻoqlarni kiritish kifoya.
“Toksinlarni chiqarib tashlash” uchun BFQ
Soʻnggi yillarda “detoks” yoki “tanani toksinlardan tozalash” kabi iboralar trendga chiqdi. Biologik faol qoʻshimchalar bozori esa organizmni tozalashga yordam beradigan turli xildagi tabletkalarni taklif qila boshladi. Biroq toksikolog Rayan Marino fikriga koʻra, bularning bari biznes va pullarni behuda sarflashdir. Chunki sogʻlom inson tanasi ortiqcha narsalarni oʻz-oʻzidan tozalashga qodir.
Tabletka shaklidagi D vitamini
D vitaminining meʼyoridan ortiq dozasi dahshatli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Shuning uchun uni shifokor tavsiyasisiz oʻzboshimchalik bilan qabul qilmaslik lozim.Tibbiyot fanlari doktori Muhammad Amerning soʻzlariga koʻra, D vitaminini tabletkalarda qabul qilish hech qanday foyda keltirmaydi, aksincha ortiqcha dozasi ogʻir zaharlanishga olib kelishi mumkin.
Omega-3
Omega-3 qoʻshimchasi soʻnggi vaqtlarda juda koʻp reklama qilingan preparatlardan biridir. Ammo bunday kapsulalardagi yogʻning tabiiy aminokislotalar oʻrnini bosishi haqida hech qanday ilmiy isbot va dalillar mavjud emas. Garvard maktabining tibbiyot fanlari professori Piter Koenning aytishicha, omega-3 oʻrniga yogʻli baliq isteʼmol qilish foydaliroqdir.
Vitamin C tabletkalari
S vitaminini biologik faol qoʻshimcha koʻrinishida sotib olishdan koʻra, oziq-ovqat orqali qabul qilish yaxshiroqdir, zero bunday kapsulalardan foyda yoʻq. Diyetolog Betan Tayerning aytishicha, sitrus mevalari, karam, bulgʻor qalampiri, pomidor va koʻkatlarni isteʼmol qilish orqali C vitaminiga boʻlgan ehtiyojni toʻldirish mumkin.