11:56 (25.10.2024)
632
Daniyaning Novo Nordisk kompaniyasi AQSH oziq-ovqat va dori-darmonlar sifati ustidan sanitariya nazorati boshqarmasi (FDA) ga kompaunder dorixonalarga (compounding pharmacie - bu ishlab chiqarish dorixonasining analogi) tarkibida semaglutid boʻlgan (Ozempic va Wegovy) vazn yoʻqotish va diabetni davolash uchun qoʻllaniladigan mashhur dori vositalarining nusxalarini tayyorlashni taqiqlashni soʻrab murojaat qildi.
Qoʻshma Shtatlarda amal qiladigan qoidalarga koʻra, kompaunder dorixonalar tanqis boʻlgan firma dorilariga talabni qondirish uchun nusxalarini ishlab chiqishlari mumkin: tarkibini birlashtirish, aralashtirish yoki oʻzgartirish orqali. Maʼlumki, Ozempic va Wegovy shu yil koʻp bora AQSHda tanqis boʻlgan.
Daniya farmatsevtika ishlab chiqaruvchisi oʻz bayonotida FDA dan semaglutidni dorixonada tayyorlash va keyinchalik sotish uchun taqiqlangan dorilar roʻyxatiga kiritishni soʻradi. Novo Nordisk maʼlumotlariga koʻra, Wegovyning kombinatsiyalangan versiyalari notoʻgʻri dozalarda sotiladi, nomaʼlum qoʻshimchalarni oʻz ichiga oladi, bu esa 2018-yildan beri qayd etilgan 400 taga yaqin jiddiy nojoʻya taʼsirlar bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Novo Nordisk "dorixona" semaglutidining sotuvini toʻxtatishga urinishdan tashqari, original niqob ostida qalbakilashtirilgan dorilarni sotishga qarshi kurashishga ham majbur. Baʼzi oʻrganilgan namunalarda 33% gacha nomaʼlum aralashmalar mavjud, boshqalari esa foydalanish taqiqlangan BPC-157 peptidini oʻz ichiga oladi, deb maʼlum qilgan edi kompaniya 2023-yil oxirida.
2024-yilda FDA bir nechta kompaniyalarga semaglutidning tasdiqlanmagan va notoʻgʻri markirovkalangan versiyalarini sotgani uchun ogohlantirish xatlarini yubordi.