17:45 (19.09.2023)
1943
Bugun yurtimizda tibbiyot xodimlarining jamiyatdagi oʼrni va maqomini kuchaytirish, ularning ijtimoiy muhofazasini oshirishga alohida eʼtibor qaratilyapti.
Xususan, soʼnggi paytlarda bemorlar va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan tibbiyot xodimlariga nisbatan kuch ishlatish holatlari tez-tez kuzatilayotgani sababli Oʼzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʼgʼrisidagi kodeksida toʼgʼridan toʼgʼri javobgarlik belgilandi.
Bunday holatlarda fuqarolarga BHMning 5 baravaridan 7 baravarigacha; mansabdor shaxslarga esa – 7 dan 10 baravarigacha jarima solishga yoki oʼn besh sutkagacha maʼmuriy qamoqqa olishga sabab boʼladi.
Ushbu turdagi javobgarlik belgilanishi tibbiyot xodimlari huquqlarini himoya qilish va ularning kasbiy faoliyatiga turlicha aralashuvlarning oldini olish va fuqarolarga oʼz vaqtida va sifatli tibbiy yordam koʼrsatishga xizmat qiladi.
Bundan tashqari, tibbiyot xodimlarining oylik maoshi 3,3 barobarga oshirilib, ularning majburiy mehnatga jalb etilishiga chek qoʼyildi.
Jumladan:
2022 yil 1 iyundan boshlab oliy va birinchi malaka toifalarga ega boʼlgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlari oylik lavozim maoshlari 15 foiz, ikkinchi malaka toifasiga ega boʼlgan va toifaga ega boʼlmagan, shuningdek boshqa tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining maoshlari 10 foiz, tibbiyot muassasalarining boshqa xodimlarining oylik maoshlari esa 15 foizga oshirildi.
Xususan, ayni paytda oliygohni yangi tamomlagan salohiyatli oilaviy shifokorning oʼrtacha oylik ish haqi ustamalar bilan birga 5,4 mln. soʼmni, ilmiy darajasi mavjud boʼlganda 6,2 mln. soʼmni, yangi ish boshlaganligi uchun qoʼshimchasi bilan 7,2 mln. soʼmni tashkil qilmoqda.
Аgar ushbu darajadagi shifokor olis va chekka hududlarga borib ishlasa, 9,2 mln. soʼm miqdorda maosh oladi.