15:55 (24.06.2024)

497

Tuberkulyoz bilan kasallanish ko‘rsatkichi 45 foiz, o‘lim ko‘rsatkichi esa 87 foizga kamaydi

Sil – bu sil bakteriyalarini organizmga kirib borishi bilan rivojlanuvchi yuqumli kasallik. Bunda kasallik bilan shikastlanuvchi asosiy organ – o‘pka. Kamdan-kam hollarda miya va uning qobig‘i sili, suyaklar, buyraklar, jinsiy a’zolar, ko‘z, ichak va boshqa organlarning sili bo‘lishi mumkin. Sil bilan og‘rigan 75 foiz bemorlarning eng ko‘pi mehnatga qobiliyatli va reproduktiv 20-40 yoshdagi insonlarni tashkil etadi.

Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, sil bakteriyalari havo-tomchi yo‘li orqali yuqadi. Ular sil bilan kasallangan insonlar organizmida ko‘payadi. Bunda sil uchun xos bo‘lgan yallig‘lanish paydo bo‘ladi, shundan so‘ng esa to‘qimaning yemirilishi ham vujudga keladi. Kavak deb nomlanuvchi bo‘shliqlar shakllanadi, ularning ichida millionlab sil bakteriyalari mavjuddir. Ulardan yo‘talganda, aksa urganda, gaplashganda sil bakteriyalari atrofdagi havoga ajralib chiqadi.    

Poytaxtimizda “BMTning sil kasalligi bo‘yicha Oliy darajadagi uchrashuvi bo‘yicha majburiyatlarini bajarish: Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari ishtirokidagi mintaqaviy muloqot” mavzusidagi xalqaro anjuman tashkil etildi.  

Qayd etilishicha, yurtimiz sil kasalligining oldini olish, uni erta aniqlash va davolash bo‘yicha sezilarli natijalarga erishdi. Xususan, ushbu xastalikka qarshi kurashish uchun mas’ul bo‘lgan tibbiyot muassasalari infeksion nazorat qoidalariga binoan to‘liq rekonstruksiya qilinib, ular ilg‘or tibbiy asbob-uskunalar bilan jihozlandi.  

Davlatimiz rahbarining tegishli qarori bilan ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalar qoshida “Astma va surunkali obstruktiv o‘pka kasalligi maktablari” tashkil etilib, ularda bemorlarga hayot sifatini yaxshilash, kasallik zo‘rayishining oldini olish choralari o‘rgatilmoqda. Chaqaloqlarni kasallikka qarshi emlash 99,8 foizga yetkazildi.  

Sohada ilk bor tuman, shahar, hududlararo, viloyat va markaziy laboratoriyalardan iborat 5 darajali tizim doirasida kasallikka 2 soatda tashxis qo‘yish imkonini beruvchi 136 ta PSR (G-Xpert) diagnostik jihozlar o‘rnatildi. Shundan 40 tasi birlamchi davolash muassasalariga tatbiq qilindi. Mahalliy texnik resurslardan va mavjud uskunalardan foydalangan holda “O‘pka salomatligi” mobil brigadalari tashkil etilib, hozirgacha 7 ta viloyatda aholini skriningdan o‘tkazish boshlab yuborildi.  

So‘nggi ikki yilda ftiziatriya yo‘nalishiga oid barcha klinik qo‘llanmalar JSSTning so‘nggi tavsiyalariga asosan yangilanib, bu bo‘yicha jami 1 ming 530 nafar mutaxassis qayta o‘qitildi. Ftiziatriya sohasiga qayta tayyorlash kurslari davlat byudjeti tomonidan qoplanishi natijasida 300 nafardan ziyod mutaxassis ushbu xizmatga boshqa sohalardan jalb etildi. Amalga oshirilgan ishlar natijasida o‘tgan 2023 yilga kelib tuberkulyoz bilan kasallanish ko‘rsatkichi 45 foizga, o‘lim ko‘rsatkichi esa 87 foizga kamayishiga erishildi.  

Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech