14:26 (06.04.2023)
2677
Poytaxtimizda Sogʼliqni saqlash vazirligi hamda Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tomonidan tashkil etilgan “Inson va salomatlik” X xalqaro kongressi ish boshladi. Unda Sogʼliqni saqlash vaziri oʼrinbosari Elmira Basitxanova ishtirok etdi.
Rossiya, Polsha, Belarus, Ukraina kabi mamlakatlarning nufuzli mutaxassislari toʼgʼridan toʼgʼri va onlayn ishtirok etgan mazkur anjuman tashxis qoʼyish va davolashning zamonaviy uslublarini kundalik tibbiy amaliyotga tatbiq etish, shuningdek terapiya sohasidagi vrachlarning oʼzaro bilim almashishlariga imkon yaratishni koʼzda tutadi.
Unda oʼzbekistonlik va xorijlik maʼruzachilar kardiologiya, antibiotikoterapiya, gastroenterologiya, nevrologiya, akusherlik-ginekologiya, pediatriya va endokrinologiya sohalari, ayniqsa murakkab kasalliklarni kompleks davolashda dori vositalarini qoʼllash boʼyicha oʼz bilim va tajribalari bilan oʼrtoqlashdi.
Tadbirda taʼkidlanganidek, Oʼzbekistonda ham sifat jihatidan yuksak talablarga javob beradigan tibbiyot muassasalarining mukammal tarmogʼi yaratilgani yurtimizda salomatlik koʼrsatkichlari barqarorligini taʼminlashda muhim omil boʼlmoqda.
Kongress doirasida yangi dori vositalari, axborot texnologiyalari va tibbiyot asbob-uskunalari, tibbiyotga oid buyumlar va maxsus nashrlar koʼrgazmasi ham boʼlib oʼtdi.
Unda minglab ishtirokchilar mamlakatimiz va xorijiy farmatsevtika kompaniyalarining yangi ishlanmalari bilan tanishish, innovatsion dori vositalari, ularning samaradorligi va oʼziga xos xususiyatlari haqida bevosita ishlab chiqaruvchilardan maʼlumot olish imkoniga ega boʼladi.
Kongress zamonaviy tibbiyot yutuqlarining Oʼzbekistonda rivojlanishi va ommalashuviga, uzluksiz professional tibbiy taʼlimni sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqishga zamin boʼladi.