Yangiliklar

not found

2023 yil 1 yanvardan nimalar oʼzgaradi

Аyrim davlat organlari majburiy tartibda nogironlar jamiyatlaridan tovarlar xarid qilishadi Sogʼliqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab vazirligi hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, shuningdek, ushbu idoralarning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning oʼzlariga kerak tovarlarning kamida 10% qismi nogironlar jamiyatlari tomonidan ishlab chiqilgan tovarlar tashkil  etadi. Dori vositalariga yangi talablar oʼrnatilmoqda Tasdiqlangan roʼyxatda belgilangan dori vositalaridan tashqari barcha yangi dori vositalari ishlab chiqarish sharoitlarining «Zarur ishlab chiqarish amaliyoti – GMP» talablariga muvofiqligi oʼrganilganidan soʼng klinik tadqiqotlarning ijobiy natijasi asosida davlat roʼyxatidan oʼtkaziladi. Faxriy donorlarga qator imtiyozlar beriladi “Oʼzbekiston Respublikasi faxriy donori" koʼkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga biryoʼla beriladigan pul mukofoti summasi BHMning 5 baravaridan 15 baravarigacha oshiriladi. Mazkur koʼkrak nishoni bilan taqdirlangan shaxslarga quyidagi huquqlar beriladi: ➖ular uchun qulay boʼlgan vaqtda yillik asosiy mehnat taʼtiliga chiqish;➖shahar jamoat transportining barcha turlaridan bepul foydalanish;➖davlat sanatoriy-kurortlarida davolanish uchun yoʼllanmalarni navbatsiz olish;➖doimiy (yiliga kamida 3 marta qon topshiruvchi) donorlar va ularning yaqin qarindoshlari statsionar davolanish jarayonida, zarurat tugʼilganda, qon va uning tarkibiy qismlari bilan bepul taʼminlanadi;➖donorlarni bepul ovqat bilan taʼminlash boʼyicha xarajatlarning qiymati respublika boʼyicha bir xil - MHEKMning 3%i miqdorida belgilanadi.

  • 29 Dekabr, 16:29
  • Batafsil
not found

DXX tomonidan “Dok-1 Maks” dori vositasi bilan bogʼliq holat yuzasidan jinoyat ishi qoʼzgʼatildi

Soʼnggi vaqtlarda respublikamizda oʼtkir respirator kasalliklarga chalingan bolalarda “Dok-1 Maks” siropini ichish natijasida oʼlim holati kuzatilganligi keng jamoatchilikni xavotirga soldi.Hindiston davlatining “Marion Biotech Pvt. Ltd” kompaniyasiga tegishli mazkur dori vositaci mamlakatimizga “Quramax Medical” MChJ tomonidan import qilinib, savdoga chiqarilgan. Taʼkidlash lozimki, preparat uy sharoitida bolalarga shifokor retseptisiz, ota-onalar tomonidan mustaqil yoki dorixona sotuvchilarining tavsiyasi bilan shamollashga qarshi vosita sifatida notoʼgʼri qoʼllanilgan. Sogʼliqni saqlash vazirligining laborator oʼrganishlariga koʼra, “Dok-1 Maks” siropining tarkibida mavjud boʼlgan “etilenglikolь” moddasi bemor salomatligida jiddiy salbiy oʼzgarishlarni keltirib chiqaradi. Farmatsevtika tarmogʼini rivojlantirish agentligining Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi xulosasiga koʼra, “Dok-1 Maks” siropi meʼyoriy hujjatda belgilangan talablarga javob bermaydi. Hozirda holat yuzasidan Davlat xavfsizlik xizmatining Tergov boshqarmasi tomonidan “Quramax medical” MChJ hamda “Dori vositalarini standartlashtirish ilmiy markazi” MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʼzgʼatilib, gumonlanuvchi shaxslar DXX Tergov hibsxonasiga joylashtirildi.

  • 28 Dekabr, 09:40
  • Batafsil
not found

2023 yilga moʼljallangan Davlat byudjeti maʼqullandi

Senatning 36-yalpi majlisida “2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasining Davlat byudjeti toʼgʼrisida”gi Qonun koʼrib chiqildi. Mazkur Qonun bilan 2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining jamlanma parametrlari hamda 2024–2025 yillar uchun byudjet moʼljallari belgilangan. Taʼkidlanganidek, Qonunga koʼra, 2023 yilda mamlakatimiz iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning oʼsish surʼatlari 5,3 foizni va isteʼmol narxlari indeksi 2022 yilning dekabrь oyiga nisbatan 9,5 foiz miqdorida boʼlishidan kelib chiqib, Davlat byudjeti parametrlari hisob-kitob qilingan. Oʼzbekiston Respublikasi Konsolidatsiyalashgan byudjetining daromadlari 2023 yilda 310,7 trln soʼmni hamda xarajatlar 343,2 trln soʼmni tashkil etishi kutilmoqda. Qonun bilan 2023 yil uchun Oʼzbekiston Respublikasi (Oʼzbekiston Respublikasi hukumati) nomidan va Oʼzbekiston Respublikasining kafolati ostida tashqi qarzlarni jalb qilish boʼyicha yillik imzolanadigan yangi bitimlarning cheklangan hajmi 4,5 mlrd АQSh dollari miqdorida etib belgilanmoqda. 2023 yilgi Davlat byudjeti xarajatlari (davlat maqsadli jamgʼarmalariga ajratiladigan transfertlar bilan birga) 257,7 trln soʼmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 24,1 foizni tashkil qilmoqda. Senatorlar Davlat byudjetining ijtimoiy sohaga yoʼnaltirilayotgan mablagʼlar miqdoriga jiddiy eʼtibor qaratdilar. Qayd etilganidek, taʼlim sohasi xarajatlari 58,4 trln soʼm, sogʼliqni saqlash sohasiga 28,4 trln soʼm, madaniyat sohasiga 2,5 trln soʼm, sport sohasiga 2,3 trln soʼm va fanni yanada rivojlantirish tadbirlari uchun 2023 yilda 1,8 trln soʼm yoʼnaltirish belgilangan. 2023 yil uchun Davlat byudjetida aholini ijtimoiy himoya qilishning ustuvor yoʼnalishlarini moliyalashtirish uchun 18,1 trln soʼm ajratiladi. Shu bilan birga kelgusi yilda jami 52 mingdan ortiq daromadi yuqori boʼlmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj fuqarolarga ipoteka krediti boʼyicha dastlabki badal va foizlarning bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablagʼlari hisobidan 1,1 trln soʼm subsidiyalar toʼlab berilishi koʼzda tutilgan. Iqtisodiyotga ajratilishi rejalashtirilayotgan xarajatlar 36,7 trln soʼmni, yalpi ichki mahsulotga nisbatan 3,4 foizni, jami xarajatlarning 14 foizini tashkil etib, bu mablagʼlar asosan tomchilatib sugʼorish, geologik qidiruv ishlarini va aholi punktlarini obodonlashtirish ishlarini amalga oshirish hamda uy-joy kommunal xizmatlari bilan bogʼliq xarajatlarni moliyalashtirishga yoʼnaltirilishi rejalashtirilgan. Mazkur Qonun Senat aʼzolari tomonidan maʼqullandi.

  • 27 Dekabr, 16:00
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech