Yangiliklar

not found

"SAMO” MCHJ korxonasining farmatsevtik faoliyati boʻyicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda

SSV huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining Farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash boshqarmasi tomonidan  “Antistrumin” dori vositasini ishlab chiqargan “SAMO” MCHJ korxonasida farmatsevtik faoliyat boʻyicha tekshiruv ishlari olib borilmoqda. Tekshiruv davomida dori vositalari va farmatsevtika faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik hujjatlariga, jumladan, Zarur ishlab chiqarish amaliyoti, Zarur distribyutorlik amaliyoti, Zarur saqlash amaliyoti davlat standartlariga, dori vositalarini ishlab chiqarish, tayyorlash, saqlash va ulgurji realizatsiya qilish doirasida texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi hujjatlar talablariga muvofiq boʻlish va korxona tomonidan majburiy rioya qilish shart boʻlgan litsenziya talab va shartlari boʻyicha holatlar oʻrganilmoqda. Shuningdek, Markazning akkreditatsiyadan oʻtgan laboratoriyalari tomonidan “Dori vositalarining xavfsizligi toʻgʻrisidagi umumiy texnik reglamenti”ga muvofiq, “Antistrumin” dori vositasining xavfsizlik koʻrsatgichlari boʻyicha oʻrnatilgan tartibda tahlil jarayonlari ketmoqda. Avvalroq, Namangan viloyatida kamida 71 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani  maʼlum boʻlgach, Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vazirligi 22-sentyabrdan “Antistrumin” №100 tabletkalaridan foydalanishga cheklov joriy qilgan edi. Andijon viloyati hokimligi “Antistrumin” preparatini qabul qilgan 12 nafar bola kasalxonaga yotqizilgani haqida xabar bergandi.

  • 26 Sentyabr, 10:46
  • Batafsil
not found

Antibiotiklarni qabul qilish qoidalari

1929-yil 13-sentabrda ingliz olimi Aleksandr Fleming ilk bor jamiyatga oʼzining kashfiyoti - penitsillinni taqdim etdi. Antibiotikning ixtirosi butun dunyo boʼylab millionlab odamlarning hayotini saqlab qoldi. Ammo bunday dori-darmonlarni nazoratsiz qabul qilib boʼlmaydi. Ularni qabul qilishning bir nechta muhim qoidalar mavjud. 1- qoida. Har qanday antibiotiklar faqat shifokor tavsiyasi bilan va faqat ular nazoratida qabul qilini kerak. 2- qoida. Siz yoki farzandlaringiz antibiotiklarni qabul qilayotganda barcha maʼlumotlarni yozing. Dori-darmonning dozasi, nojoʼya taʼsirlari yoki allergik reaktsiyalar mavjudligini koʼrsatish ayniqsa muhimdir. 3-qoida. Antibiotikni qabul qilish vaqti va chastotasiga qatʼiy rioya qiling. Dori dozalari oʼrtasida har doim teng vaqt oraligʼini saqlang. Bu qonda preparatning doimiy kontsentratsiyasini saqlab qolish uchun kerak. 4- qoida. Antibiotiklarning toʼliq kursini oling. Har qanday holatda yaxshilanishni sezganingizdan soʼng davolanishni toʼxtatmasligingiz kerak. Bundan tashqari, antibiotikning taʼsirini kuzatishingiz kerak. Agar 72 soat ichida yaxshilanish kuzatilmasa, patogen bu antibiotikga chidamli boʼlib, shifokor bilan maslahatlashib, uni almashtirish kerak. 5- qoida. Antibiotikning dozasini oʼzingiz oʼzgartirmang. Dori-darmonlarni kichik dozalarda qoʼllash juda xavflidir, chunki chidamli bakteriyalar paydo boʼlish ehtimoli ortadi. Dozani oshirish ham xavfsiz emas, chunki haddan tashqari katta doza yon taʼsirga olib keladi. 6-qoida. Antibiotikni qabul qilish boʼyicha koʼrsatmalarni diqqat bilan oʼqib chiqing va amal qiling. Turli xil dorilar oziq-ovqat isteʼmoliga turlicha bogʼliqdir. Baʼzi dori-darmonlarni ovqat bilan, boshqalari ovqatdan bir soat oldin yoki ovqatdan 1-2 soat oʼtgach qabul qilish kerak. 7- qoida. Antibiotiklarni davolash paytida probiotiklarni qabul qiling. Bunday dorilar tabiiy ichak mikroflorasini tiklashga yordam beradi.

  • 26 Sentyabr, 09:00
  • Batafsil
not found

Korruptsiyaga yoʼl qoʼymang

Korruptsiya davlat va jamiyat hayotining turli sohalariga shikast yetkazuvchi va iqtisodiyotning, davlat boshqaruvi va umuman jamiyatning rivojlanishiga salbiy taʼsir koʼrsatuvchi xavfli ijtimoiy hodisa sanaladi. “Dori-Darmon” aktsiyadorlik kompaniyasining “Komplaens-nazorati” xizmati tomonidan “Fargʼona Dori-Darmon” aktsiyadorlik jamiyatida korruptsiyani oldini olish, sohaga doir qonun hujjatlariga amal qilish va huquqbuzarliklar profilaktikasini kuchaytirish boʼyicha targʼibot tadbiri oʼtkazildi. Unda tashkilot rahbarlari, dorixona mudirlari, masʼul xodimlar ishtirok etishdi. Tadbirda Oʼzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Jinoyatning sabablarini va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf qilish toʼgʼrisida”gi taqdimnomaci mazmuni “Komplaens-nazorati” xizmati boshligʼi J.Qayumov tomonidan barcha xodimlarga yetkazildi. Korruptsiya biror mansabdor shaxsning qonunchilik va axloqqa zid ravishda oʼzining boshqaruv vakolatlari va huquqlaridan shaxsiy manfaatlar maqsadida foyda olishidir. Yigʼilishda korruptsiya tizimning obroʼsiga jiddiy putur yetkazishi, ushbu holatlarning oldini olishda barcha xodimlar birdek masʼul ekanligi aytib oʼtildi. Bunday noqonuniy harakatlar uchun jinoiy javobgarlik muqarrar ekanligi misollar orqali tushuntirildi. Shuningdek, tadbirda Oʼzbekiston Respublikasining “Korruptsiyaga qarshi kurashish toʼgʼrisida”gi Qonun hujjatlarida belgilangan vazifalarga muvofiq, korruptsiyaga oid huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish, qonunchilik, xizmat intizomi, odob-axloq qoidalari va ichki tartib qoidalarga rioya etilishini taʼminlashga qaratilgan keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borildi. Shu oʼrinda eslatib oʼtamiz, agar kompaniya tizimida qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz, “Dori-Darmon” АKning 78-120-16-61 raqamli ishonch telefoniga qoʼngʼiroq qilishingiz yoki telegram messenjeridagi aloqa kanali @doridarmonbilan_bot orqali murojaat etishingiz mumkin.

  • 25 Sentyabr, 17:25
  • Batafsil
Нажмите на кнопку ниже, чтобы прослушать текст Powered by GSpeech